Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Xalqobod-1» nasos stansiyasi qurilib, foydalanishga topshirilganiga qariyb qirq yil bo‘layapti. Ushbu nasos stansiyasi «Bobotog‘» kanalidan suv tortib, «Xalqobod» hududidagi fermer xo‘jaliklarining 900 gektardan ziyod ekinzorlari hamda aholi tomorqalari, bog‘-rog‘larini obihayot bilan ta’minlaydi. O‘tgan yili nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «Sag agro Jarqo‘rg‘on» MChJ boshqaruviga o‘tkazildi.
Nasos stansiyasidan qisqa fursat foydalangan klaster tashkiloti mas’ullari shu muddat orasida agregatlarning eskirgani va elektr energiyasini ko‘p sarflashini anglab yetdi. Nasos stansiyasining asosiy egasi – Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mutaxassislari bilan sarflanayotgan elektr energiyasini qanday qilib tejash bo‘yicha maslahatlashishdi. Mutaxassislar nasos stansiyasiga energiya tejamkor agregatlar va elektr dvigatellar o‘rnatish, boshqa jihozlarning ham kam elektr quvvati bilan ishlaydiganlaridan foydalanishni tavsiya qilishdi.
Kuzgi-qishki ta’mir mavsumida nasos stansiyasi xodimlari mavjud to‘rtta agregatni ta’mirdan chiqarib, sug‘orish mavsumiga shaylab qo‘yishgandi. O‘z imkoniyatlarini chamalab chiqqan xususiy sherik nasos stansiyasidagi 2 ta 20DNS rusumli agregatining o‘rniga yangi, energiya tejamkorini o‘rnatishga qaror qildi. Yaqinda 2 ta yangi agregat keltirildi. Ayni paytda jamoa a’zolari ana shu agregatlarni o‘rnatish va tezroq ishga tushirish choralarini ko‘rishayapti.
Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi xususiy sherik vakillari bilan mazkur obуektda seminar o‘tkazib, mutaxassislarga yangi agregatlarni montaj qilish va yil davomida elektr energiyasidan samarali foydalanish va iqtisod qilish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berishdi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati