Mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Kredit ajratish, subsidiyalar berish, yengillik va imtiyozlar taqdim etish hisobiga fermer, klaster tashkilotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarida zamonaviy texnologiyalarga qiziqish va rag‘bat kuchaymoqda.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, suvni tejovchi texnologiyalarni qurish jarayonida ayrim nopok quruvchi-pudrat korxonalari tomonidan budjet mablag‘larini talon-taroj qilishga urinish holatlari uchrab turibdi. Bu borada prokuratura va boshqa tegishli organlar tomonidan Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar qay tartibda o‘zlashtirilishi va natijasi doimiy monitoring qilib borilayapti.
Shu bilan birga, 2020–2021-yillardagi o‘rganishlar davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yetarli malakaga ega bo‘lmagan quruvchi korxonalar fermer xo‘jaliklarining ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ularning mablag‘larini o‘zlashtirib, texnologiyani o‘z vaqtida ishga tushirib bermaslik va sifatsiz mahsulotlar o‘rnatib ketish holatlari ham aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura va uning hududiy organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Aldanib qolgan ushbu fermer xo‘jaliklari davlat budjetidan subsidiya ololmayotgan bo‘lib, kredit mablag‘larini oyma-oy to‘lab kelayotganligi sababli firibgar quruvchi-pudrat tashkilotlariga nisbatan jiddiyroq choralar ko‘rilishini talab qilishgan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-sonli qaroriga asosan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ishlarini sifatli amalga oshirgan hamda bozor iqtisodiyotida erkin raqobat talablariga to‘liq javob bera oladigan «Tomchi-reestr» pudrat korxonalarining yagona elektron reestri ishlab chiqilgan.
Mazkur yagona elektron reestr natijasida 2022–2023-yillarda belgilangan mezonlarga javob bera oladigan 82 ta korxona ro‘yxatdan o‘tib, ushbu davr Davlat budjeti va subsidiya mablag‘larini talon-taroj qilish holatlari kuzatilmadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5-sonli qarori bilan respublikamizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida bir qator yanada muhim iqsodiy isloholotlar amalga oshirildi. Xususan, «Tomchi-reestr» pudrat korxonalarining yagona elektron reestrini shakllantirish tartibi yanada takomillashtirildi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, “Suvchilar maktabi”da respublikamizdagi quruvchi-pudrat tashkilotlarining 1500 nafardan ortiq loyihachi, agronom, muhandis va boshqa kadrlarining malakasi oshirildi hamda test sinovlari natijasi bo‘yicha ularga sertifikatlar berildi. O‘quv mashg‘ulotlariga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, o‘qish, tushlik, transport xizmatlari barchasi bepul tashkil etilgan.
Mazkur murojaatda tor doiradagilarning manfaati ko‘zlangan bo‘lib, ular o‘z kirdikorlariga yo‘l ochish uchun bir necha yillik tajribalar asosida ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tgan tizimni bekor qilishni so‘ramoqda.
Ularga javobimiz shuki, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda mustahkam tizim yaratildi hamda ochiqligi va shaffofligi ta’minlanib, huquqiy mexanizmlari yildan yilga takomillashtirib borilayapti.
Ortga qaytishga yo‘l yo‘q. 2030-yilga qadar sug‘oriladigan 4,3 mln. gektar maydonni to‘liq suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olish vazifasi qo‘yilgan.
Ushbu masalalar bo‘yicha kimda e’tiroz yoki savollar bo‘lsa, Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari ochiq muloqot o‘tkazishga tayyorligini bildiramiz.
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati