Surxondaryo viloyatidagi suv xo‘jaligi obyektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021–2022-yillarda jami 3 ta loyiha bitimi rasmiylashtirilib, ularga asosan 2 ta nasos stansiyasi hamda 2 ta meliorativ tik quduq davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sheriklar boshqaruviga o‘tkazilgandi.
Jumladan, Sherobod tumanidagi 26 va 27-sonli quduqlar «Eco fresh» MChJga, Sariosiyo tumani hududida joylashgan «Xariston» nasos stansiyasi tumandagi «Chashma» fermer xo‘jaligi hamda Uzun tumani hududida joylashgan «Loyliq» nasos stansiyasi «Normuratov Baxrom Xolqo‘ziyevish» dehqon xo‘jaligi boshqaruviga berilgandi. Yuqorida nomlari keltirilgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘z boshqaruvlariga olgan xususiy sheriklar 2021–2022-yillarda rejalashtirilgan 892,2 million o‘rniga 905,2 million so‘m investitsiya kiritgan va bu boradagi rejani ortig‘i bilan bajarishgan. O‘tgan yili esa xususiy sheriklar tomonidan ushbu obyektlarga 234 million so‘m sarmoya kiritildi.
– Yuqorida nomlari keltirilgan obyektlardan tashqari o‘tgan yili 16 ta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari boshqaruviga o‘tkazildi, – deydi Amu-Surxon ITHB Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Yo‘ldoshev. – Nasos stansiyalarini boshqaruvga olgan xususiy sheriklar endilikda investitsiya kiritadi. Prezidentimizning o‘tgan yilning 29-noyabrida suv xo‘jaligi sohasini isloh qilishga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqqa asosan joriy yilda yana 20 ta nasos stansiyasi va 5 ta tik sug‘orish qudug‘ini xususiy sheriklar boshqaruviga berish choralari ko‘rilayapti.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati