Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi, Boysun tumanida joylashgan «Darband-2» nasos stansiyasida seminar o‘tkazildi. Seminarda nasos stansiyasidagi agregatlarning mavsumga qay darajada ta’mirlanganligi ko‘zdan kechirildi. Nazorat-kuzatuv natijasida barcha nasos agregatlari va elektr dvigatellar maromida ishlab turgani aniqlandi. Jamoa a’zolariga elektr energiyasi narxi qimmatlashgani, buning uchun limit bo‘yicha ajratilayotgan elektr energiyasidan samarali foydalanish va tejash zarurligi tushuntirildi. Agregatlarni huda-behuda ishlatmaslik, nasos stansiyasi ichki va tashqi qismini yoritishda energiya tejamkor lampalarni o‘rnatish, agregatlarni rejim bo‘yicha ishlatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Boysun tumanidagi qariyb 300 gektar ekin maydonlarini suv bilan ta’minlab kelayotgan jamoa a’zolari atrofdagi bo‘sh yerlarga turli qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirayotgani e’tirof etilib, ekilgan mevali va manzarali daraxtlar parvarishiga e’tiborni yanada kuchaytirish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati