2023-yilning 1-2 noyabr kunlari Toshkent shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 85-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston delegatsiyalari, komissiyaning ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari, shuningdek, komissiya kotibiyati va Ilmiy-axborot markazi rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirni Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamraуev, Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari J. Shoimzoda, Turkmaniston Respublikasi Suv xo‘jaligi qo‘mitasi raisi D. Genjiуev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamraуev 2023 yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazishda qo‘shgan hissasi uchun komissiya tarkibiga kiruvchi barcha ijrochi tashkilotlar, xususan, “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari va ularning hududiy bo‘linmalari, komissiya kotibiyati va Ilmiy-axborot markazi vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Prezident Sh.Mirziyoevning tashabbuslari va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro hamkorlikda olib borayotgan do‘stona siyosati natijasida suv xo‘jaligi sohasida aloqalarning mutlaqo yangi muhiti shakllangani, bu esa samarali muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olishga asoslangan konstruktiv munosabatlar o‘rnatish imkonini berayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘zaro sa’y-harakatlar, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va ishonchli munosabatlar Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Vazir O‘zbekiston hukumati mintaqaning barcha respublikalari bilan davlatlararo suv hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv muloqotlarni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilib, Markaziy Osiyo davlatlarini bu jarayonda faol ishtirok etishga da’vat qildi.
Yig‘ilishda mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolbo‘yi hududida suv va ekologik vaziyatni yaxshilash, 2023-2024 yillar kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi hamda hisobotlar eshitildi.
Komissiya a’zolari davlatlarning Amudaryo va Sirdaryo havzasi bo‘yicha 2023-2024 yillar kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish bo‘yicha prognoz limitlarini tasdiqladilar.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining navbatdagi 86-yig‘ilishini 2024-yilning yanvar oyida Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazishga kelishib olindi.
***
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va yosh tadqiqotchilar, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti talabalari bilan muloqot qildilar.
Sun’iy intellekt texnologiyalari kirib kelishi hisobiga ko‘plab kasblar qisqarib ketishi mumkin, lekin suvchilar yana yuz yillar davomida el-yurtga xizmat qilishi haqidagi e’tiroflar talabalar va tadqiqotchilarning sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirdi.
“Yashil makon” umummilliy dasturiga uyg‘un tarzda ko‘chat ekish marosimi bo‘ldi. Tashabbuskor yoshlar bu ko‘chatlarga “do‘stlik daraxtlari” deb nom berishdi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyasi, tajriba uchastkasidagi suv tejovchi texnologiyalar, shuningdek, ilmiy ishlanmalar bilan tanishdilar.
Ma’lumot uchun: 1992-yil 18-fevralda Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston suv xo‘jaligi vazirlari tomonidan “Davlatlararo manbalarning suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni birgalikda boshqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitim imzolangan. Bitimga asosan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tashkil etilgan. 1993-yil 26-martda Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahrida bu kelishuv Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tomonidan tasdiqlangan.
Axborot xizmati