2030-yilga borib yurtimizda suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti. Davlatimiz rahbari joriy yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Yig‘ilishda kelgusi yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi ta’kidlandi. Suvni tejashda eng muhim vazifalardan biri – bu kanal va ariqlarni betonlashtirish hisoblanadi.
Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi barcha tuman irrigatsiya bo‘limlarida suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslikka bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilib, 2024-yil vegetatsiya mavsumiga qadar ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Ana shunday yig‘ilishlar viloyatning Bo‘ka, O‘rta Chirchiq hamda Piskent tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman irrigatsiya bo‘limlaridagi mavjud ichki kanal va ariqlarni betonlashtirish bo‘yicha zarur topshiriqlar belgilab berildi. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan seminarlarda suv tejovchi texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish, bu borada mavjud muammolarni bartarf etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bugun kunda viloyatimizda 12 ming kilometrdan ziyod ichki kanal va ariqlar mavjud bo‘lib, vegetatsiya mavsumiga qadar salkam 1300 kilometr kanal va ariqlarni betonlashtirish rejalashtirilgan, – deydi Chirchiq-Ohangaron ITHB boshlig‘i Baxtiyor Qurbonov. – Bu bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilib, amalyotgan tatbiq etilmoqda.
Ayni kunlarda Bo‘ka, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Piskent tumanlaridagi ichki kanal va ariqlarni betonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Birgina Piskent tumanining Navoiy, Turkiston, Do‘stbekov kabi hududlaridan oqib o‘tuvchi ichki ariqlarning 50 kilometrdan ziyod qismi betonlashtiriladi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot kotibi