O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2021-yil 24-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasidagi ishlarda Jizzax bosh nasos stansiyasi boshqarmasi xamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari intituti” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik o‘zining kutilgan samarasini bermoqda.
Aytish joizki, tomonlar o‘rtasida tuzilgan xo‘jalik shartnomasida suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini amaliyotga joriy qilib borishga alohida urg‘u berilgan. Ana shu kelishuv natijasi o‘laroq, universitetning bir guruh professor va doktorantlari tomonidan ishlab chiqilgan nasos agregatlarini doimiy diagnostika qilish qurilmasi “Jizzax” nasos stansiyasi nasos agregatiga o‘rnatildi.
– Ushbu qurilma yordamida nasos agregatlarida sodir bo‘ladigan tebranishlarni doimiy nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi, – deydi universitet professori R.Ergashev. – Natijada nasos agregatlarida sodir bo‘ladigan tebranishlar miqdori doimiy nazorat qilinadi, ularning miqdori me’yordan oshib ketgan vaqtda navbatchi dispecherlarga o‘z vaqtida xabar beriladi, texnik halokat sodir bo‘lishining oldi olinadi.
– Mazkur qurilma yana shunisi bilan bizga ma’qul keldiki, – deydi JBNS boshlig‘i N.O‘rolov, – kutilmagan holatlarning oldi olinishi natijasida agregatlarni ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish vaqti kamayib, ekspluatatsiya sarflari iqtisod qilinadi. Nasos agregatlarining ishonchli va xavfsiz ishlashi esa, qishloq xo‘jalik ekinlariga obihayot yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshiradi.
Jizzax bosh nasos stansiyasi boshqarmasi hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari intituti” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik davom etadi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati