O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi tashkil qilinib, inspeksiyaning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Jumladan, o‘ta muhim gidrotexnika inshootlari xavfsizligi ta’minlash, ishonchli ishlashini hamda qo‘riqlanishini nazorat qilish, shuningdek, yer usti suvlari ob’ektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishdan iboratdir.
Inspeksiya vakolat doirasida joylarda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda. Shu kunga qadar o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, ruxsatsiz va shartnoma tuzmasdan, suvni boshqarish va o‘lchash vositalari bilan jihozlamasdan suv olish kabi noqonuniy holatlar aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirish xatlari berildi hamda 38 ta nizoli holatlar bartaraf etildi, 36 ta holatda suv yetkazib berishda amaliy yordam ko‘rsatildi hamda 79 ta holatda uslubiy va tavsiyaviy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, shartnoma tuzmasdan suv olgan suv iste’molchilari bilan irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida shartnoma tuzildi. Suvdan foydalanishda yuzaga kelgan nizoli holatlar bartaraf etildi, suv og‘ir yetib boradigan hududlarga suv yetkazib berishda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan suv xo‘jaligi obуektlariga xavf soluvchi holatlarni oldindan prognozlash, bartaraf qilish, suvdan nooqilona foydalanishni oldini olish maqsadida tashkilot muhandis-texnik xodimlariga hamda suv iste’molchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida” gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Suvdan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorlarining mazmun-mohiyati tushuntirlib, ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazildi.
2023-yil davomida inspeksiya tomonidan tasdiqlangan rejali nazorat tekshiruvidan tashqari baliqchilik xo‘jaliklarining ariza va shikoyatlar yuzasidan suv yetkazish masalasida amaliy yordam berildi.
Xususan, “Shimoliy” zovurning noqonuniy to‘silishi Kogon tumanidagi “Kurjan” va “Zirobod” zovurlarining texnik holatiga shikast yetkazish holatlari aniqlanib, yetkazilgan zarar undirilib, fermer xo‘jaliklar o‘rasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Yuqorida qayd qilinganidek, inspeksiya xodimlari tomonidan suv xo‘jaligi inshootlarining ko‘p yillar davomida xavfsiz ishlashini, suvdan foydalanishni nazorat qilish bilan birgalikda suv iste’molchilari bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqa egalari orasida suvdan oqilona foydalanishni ham targ‘ib qilib kelmoqdalar.
Xususan, 2023-yilning dekabr oyida suv iste’molchilari orasida “Suv tekin emas” shiori ostida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar Suv xo‘jaligi vazirligi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining agentligi va Shveysariya davlatining nodavlat-notijorat jamiyati tomonidan yuqori baholanib, yangi zamonaviy kompyuter sovg‘a qilindi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati