Keyingi yillarda butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilyapti. Bu mintaqamizda ham tobora keskinlashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Shu bois ham mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, undan tajamkorlik bilan foydalanishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni keyingi yillarda takomillashtirilib, bir qator qonunosti hujjatlarining qabul qilinayotgani natijasida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanilishga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-101-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 500-sonli qaroriga asosan “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Xususan, o‘ta muhim gidrotexnika inshootlari xavfsizligi ta’minlash, ishonchli ishlashini hamda qo‘riqlanishini nazorat qilish, shuningdek, yer usti suvlari ob’ektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishdan iboratdir.
Shuningdek, mazkur Farmon bilan suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi hamda suvni tejaydigan sug‘orishtexnologiyalaridan samarali foydalanilishi bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.
Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan joylarda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Masalan, o‘tgan vegetatsiya davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida To‘rtko‘l tumanidagi “Xankali Rashid Qudrat” fermer xo‘jaligi 51 ming m3, “Soliq Farzand” 60,5 ming m3, Beruniy tumanidagi “Shobbozli Asliddin” 50,5 ming m3,“Jasur Adambaev” 50,5 ming m3, Ellikqal’a tumanidagi “Berdibay Jumaniyozov” 28,8 ming m3, Amudaryo tumanidagi “Najmatdinov Kamoladdin” 40,8 ming m3 suv resurslaridan ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan foydalanganligi aniqlanib, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 19 martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risida”gi Nizoining 60-bandiga asosan jarima sanksiya hisoblandi va suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari o‘rtasida yuqorida qayd etilgan Qonun va Prezident Farmoni hamda qarorlarining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish maqsadida seminarlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Shu o‘rinda Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida maqsadida yaator yangi tartiblar joriy etilganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
Mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 so‘m etib belgilandi. Bu borada suv iste’molchilariga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llanilishi ham belgilanmoqda.
Xulosa qilib, aytganda suv resurslaridan samarali foydalanish suvni tejash, uning ortiqcha isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasiga aylanmoqda. Shunday ekan barcha suv iste’molchilari suv resurslaridan foydalanishga oid tartib qoidalarga bo‘ysungan holda suvdan oqilona foydalanishi lozim.
R.Uzakov,
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i