Bandixon tumanida fermer xo‘jaliklari, klaster tashkilotlari hisobida turgan hamda aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklari bog‘-rog‘larini hisobga olganda umumiy yer maydoni 18 ming gektarni tashkil etadi. Tumanning «Toshkent», G‘afur G‘ulom nomli, «Zafarobod», «Paxtakor», «Yo‘lchi yulduz Bandixon» hududlaridagi 7,5 ming gektar ekinzorlarni obihayot bilan ta’minlash «Bandixon-1» nasos stansiyasining uzluksiz ishlashiga bog‘liq.
O‘ttiz nafardan ziyod mutaxassis mehnat qilayotgan mazkur nasos stansiyasida 8 ta 24NDS rusumli agregat bo‘lib, jamoa a’zolari ularni doimo sozlab, uzluksiz ishlashini ta’minlashayotir. 1973-yil qurilib foydalanishga topshirilgan nasos stansiyasi «Sherobod» kanalidan suv tortib, diametri 730 millimetrli temir quvurlar orqali 45 metr balandlikka ko‘tarib, «Bandixon» kanaliga tashlaydi va bir necha sug‘orish tarmoqlari orqali suv 7,5 ming gektar ekin maydonlariga kirib boradi. Quvurlarning bir qismi yer ostiga ko‘milgani tufayli o‘tgan yarim asr mobaynida zanglab, ilma-teshik bo‘lib qolgandi. Nasoslar yuqori bosim bilan ishlaganda quvurlarning yaroqsiz holga kelgan qismidan suvning bir qismi sizib chiqib yer ostiga singib ketar va yer ustiga toshib yotardi. Natijada iste’molchilarning talabi bo‘yicha chiqarilayotgan obihayotning bir qismi behudaga isrof bo‘lardi. Kuzgi-qishki ta’mirlash mavsumida nasos stansiyasi va energetika boshqarmasi rahbariyati ob’ektdagi holatni o‘rganib, zarur mablag‘ va quvurlar ajratildi. Jamoa a’zolari nasos agregatlarini ta’mirlash jarayonida bir yo‘la 70 metr uzunlikdagi temir quvurlarni ham yangisiga almashtirishdi.
– Ayni paytda nasos stansiyasidagi 6 ta agregat ishga qo‘shilgan bo‘lib, shu hisobda ham kanallarda suv to‘lib oqib turibdi, – deydi Bandixon tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM direktori Shavkat Norqo‘chqorov. – Muhimi, eskirgan quvurlarni almashtirish evaziga suvning behuda isrof bo‘lishining oldi olinmoqda. Ushbu nasos stansiyasiga tegishli yana 140 metr uzunlikdagi diametri 730 millimetrli temir quvurlarni almashtirish rejalashtirilgan. Hozir dehqonlar chigit ekayotgani va g‘allasini sug‘orayotgani uchun nasos agregatlari to‘xtatmay turilibdi. Iste’molchilarning suvga ehtiyoji birmuncha kamayganda quvurning qolgan qismi ham yangisiga almashtiriladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati