O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan “Nasoschilar chorvasi” MChJ o‘rtasida imzolangan bitimga binoan “Zarbdor-1”, “Zarbdor-2” va “Oqbuloq” nasos stansiyalari bundan 3 yil avval davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashabbuskor tadbirkor tasarrufiga o‘tgan edi.
Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakllantirish va joriy etish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda ana shu bitim shartlarining bajarilishi tahlil qilindi.
“Nasoschilar chorvasi” MChJ rahbari N.Xudoyqulov anjumanda so‘zga chiqib, DXSh loyihasi asosida faoliyat yuritishning qulaylik va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, o‘tgan yillar davomida mazkur nasos stansiyalariga shartnomadagi 643,1 million so‘m o‘rniga 695,9 million so‘m investitsiya kiritilgan. 2023-yilning o‘zida 120 ming kilovatt elektr energiyasi tejalib, Zarbdor tumani ekinzorlariga 5 million metr kub suv yetkazib berildi.
“Oqbuloq” nasos stansiyasiga bittadan yangi nasos agregati va elektrodvegatel qo‘yilgani, boshqa inshootlarda ham ta’mirlash va tiklash, obodonlashtirish ishlari bajarilib, ulardagi jami 21 nafar ishchi-xodimning unumli mehnati uchun shart-sharoit yaratilgani aytib o‘tildi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati