Jizzax viloyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilib, qarorning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Zarbdor tumanida tashkil etildi.
Qishloq va suv xo‘jaliklari tizimlariga aloqador turli soha va tarmoqlar vakillari vakillari ishtirok etgan tadbirda tumanning yangidan tashkil topgan «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, o‘tgan yillarda o‘z tajribasida suv tejovchi texnologiyalarni sinab ko‘rib, muayyan yutuqlarga erishgan fermerlar, soha mutaxassislari, ta’minotchi korxonalar vakillari so‘z olib, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullarining foydasi, afzalligi hamda qulayligi haqida fikr mulohazalar bildirishdi.
Tadbirda shuningdek, 2024-yilgi vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli boshlash, bahoriy yumushlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati