Aslida suv xo‘jaligi tizimi ishchi-xodimlari uchun yilning to‘rt fasli ham birdek ish mavsumi sanaladi. Ayniqsa, kuz-qish fasli buxorolik suvchilardan har bir ishga o‘ziga xos mas’uliyat bilan yondashishni, ta’bir joiz bo‘lsa, bir qadar mashaqqat chekishni talab etadi. Sababi, bu davrda ular ekin yerlariga suv yetkazib berish bilan bir qatorda suv xo‘jaligi inshootlari, kanal va ariqlarni ishchi holatiga keltirish, ta’mirlash ishlari bilan band bo‘lishadi.
Ayni kunlarda Jondor tumanidagi “Avgir”, “Dalmunobod-2”, Romitan tumanidagi “Chavkar”, “Mug‘iyon”, “Romitan”, Kogon tumanidagi “Yabon”, Shofirkon tumanidagi “Talisafed” kanallarida ta’mirlash-tiklash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan suv inshootlarida qo‘l kuchi bilan amalga oshiriladigan ishlar ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Shu kunlarda bu boradagi ishlar G‘ijduvon va Buxoro tumanlaridagi “Sultonobod” va “Chorbakr” kanallarida davom etayapti.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati