«Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi jamoasi irrigatorlar, kanal boshliqlari va nasos stansiyalari tomonidan sug‘orish tarmoqlariga yetkazib berilayotgan obihayotdan joylardagi iste’molchilar qanday foydalanayotganini monitoring qilish maqsadida reyd o‘tkazishayapti. Xodimlarimiz Sherobod tumaniga borib, iste’molchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Suv va suvdan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori talablarining bajarilishi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Sherobod tumani irrigatsiya bo‘limi tarkibidagi «O‘ng tarmoq» kanalining R-14, R -15, R -17, R-17,1, R-18 suv ajratish nuqtalarida suv hisobini yurituvchi reyka ko‘rsatkichlari o‘rnatilmaganligi sababli ajratilgan obihayotning sekundiga 900 litri o‘zimboshimchalik bilan taqsimlab berilayotgani oydinlashdi. Shu kanalning PK-16-1 qismidagi suv ajratish nuqtasidan E.Berdiev hududiga limit bo‘yicha ajratilgan sekundiga 3 metr kub suv nazoratsiz qoldirilgani tufayli ushbu hududdagi ichki yo‘llarga toshib, ko‘llab, foydalanilmay K-18-1 kollektoriga tushayotgani aniqlanib, ortiqcha sarflanishining oldi olindi.
Hozir ko‘pchilik xo‘jaliklar dalalarida kuzgi g‘alla ekilayapti va don tushgan maydonlarni zudlik bilan sug‘orish zarur. Afsuski ayrim fermer xo‘jaliklari va boshqa iste’molchilar ham isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishmoqda. Tumanning V.Qodirov hududidagi «Bo‘riуev To‘xta» fermer xo‘jaligining 7,5 gektar dalasiga ekilgan g‘allani sug‘orish jarayonida suvchilarga yetarlicha sharoit yaratib berilmagan, issiq ovqat yo‘q, o‘qariqlar uzunligi 100–150 metr, tungi sug‘orish tashkil qilinmaganligi tufayli dalaning oxirgi qismida suv ko‘llab yotganligi aniqlandi hamda fermer xo‘jaligi rahbari Umid Meliev ogohlantirildi.
G‘alla ekilgan dalalarni sug‘orish maqsadida «O‘ng tarmoq» kanaliga hozirda ko‘proq suv berilayotir. «Xo‘jaqiya-1» va «Xo‘jaqiya-2» mahallalarida yashovchi fuqarolar Abduzokir Hakimov, Bekzod Qurbonov, Hasan Aliboуev, Yo‘ldosh Abdullaуev, Olmos Shavqunov, Erkin Rahimnazarovlar esa kanalga ruxsatsiz 11 ta har xil tipdagi nasos agregatlarini o‘rnatib qo‘yib, tomorqa va boshqa ekinlarini sug‘otishayotgani aniqlanib, nasos agregatlari o‘chirildi va sekundiga 352 litr suv g‘alla ekilgan dalalarga boshqarildi. Shuningdek, kanalning PK-18 qismidagi suv ajratish nuqtasidan sekundiga 100 litr ajratilgan obihayot aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlanib, «Abdulla Muhammad Asilbek» fermer xo‘jaligining 18 gektar g‘alla maydoniga yo‘naltirildi.
Kanalning «O‘zbekiston» hududidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari hamda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan foydalanilayotgan obihayot «Xo‘shboqbobo», «Rahmon o‘g‘li Umid», «Abdunosir kelajagi sari» fermer xo‘jaliklarining g‘alla maydonlariga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, kanalning PK-18-1-6 va PK-18-1-7 qismlaridagi suvni ajratish nuqtasidan suv taqsimlanadigan gidrotexnik inshooti mas’ul shaxs Mamarajab Raimnazarov tomonidan bir necha yildan beri ta’mirlanmay kelinayotgani va bu haqda tuman irrigatsiya bo‘limini xabardor qilmaganligi tufayli suv o‘lchash anchadan beri taxminiy bajarilayotgani aniqlanib, mas’ul shaxsni tegishli tartibda jazoga tortish uchun tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Xullas, har qatra suvdan samarali va tejab foydalanishni mutaxassislarimiz doimiy ravishda kuzatib borishadi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llaniladi.
Shuhrat Suyundikov,
«Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbari