Suvni tejash va undan samarali foydalanish bugun ham dehqonning, ham suvchining oldida turgan eng dolzarb vazifa desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan obi hayotga talab kundan kunga ortib borayotgan bir paytda suv mavzusi hech kimni befarq qoldirmasa kerak. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan oqib o‘tuvchi “Jo‘n” kanalining PK-438+00 qismida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda shu haqda so‘z bordi. Unda Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tasarrufidagi tashkilotlar, tuman bo‘limlari mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Seminarda suvning hisobini yuritish, maxsus xizmat faoliyatini yanada rivojlantirish, tumandan tumanga oqib o‘tuvchi kanal suvining hisobini yuritish masalasi muhokama etildi. Seminar ishtirokchilari buni “Jo‘n” kanali misolida o‘rganishdi.
“Jo‘n” tumanlararo kanal bo‘lib, viloyatning Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlaridagi ekin maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, joriy yilda kanalning Yangiyo‘l tumanidan oqib o‘tgan 6,2 km masofadagi qismida ta’mirlash va tiklash ishlari olib borildi. Tadbirda “Jo‘n” kanali suvidan unumli foydalanish, uni behudaga isrof qilmaslik, kerak bo‘lsa har bir tomchisi qadrlanishi kerakligi ta’kidlandi.
– Suv xo‘jaligida maxsus xizmatning tashkil etilishi suvni tejash, undan samarali foydalanish, eng muhimi suvning egasi borligini anglatdi, – dedi “Bo‘zsuv” ITB boshlig‘i R.Fozilov. – Maxsus xizmatni rivojlantirish uchun, eng avvalo, iste’molchilar bilan suvchilar o‘rtasidagi munosabatni shakllantirish zarur. Bu oldi-berdi jurnallarida suvning hisobini qayd etib borish orqali namoyon bo‘ladi.
Darhaqiqat, suvning hisobini yuritmay turib, uning qadriga yetmaydi kishi. Seminar davomida gidrometrlar va maxsus xizmat faoliyatini yanada rivojlantirish, ichki tarmoqlarda gidropostlar tashkil etish, suv o‘lchash dalolatnomalarini rasmiylashtirish masalalariga qayta-qayta murojaat qilindi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati