Axborot texnologiyalari va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha galdagi seminar Sariosiyo tumani irrigatsiya bo‘limida o‘tkazildi. Seminarda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida suv xo‘jaligini raqamlashtirish, suvdan foydalanish va suv iste’moli hisobini yuritishda «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tuman irrigatsiya bo‘limi tasarrufidagi irrigatsiya obуektlariga qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha topshiriqni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Keyingi ikki yilda obуektlarga atigi 7 dona «Aqlli suv» qurilmalari o‘rnatilgan, xolos. Eng achinarlisi, kanallarga o‘rnatilgan qurilmalarning birortasi ham ishlamayapti. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay qurilmalarning ishlayotgan-ishlamayotgani to‘g‘risida hech kim bosh qotirmagan. Vaholanki, bu qurilmalarni o‘rnatish uchun davlatning, demakki, xalqning mablag‘i sarflangan. Bu esa irrigatsiya bo‘limidagilar qurilmalar taqdiri bilan sira shug‘ullanmaganligidan dalolat.
Seminarda joriy yilda tuman irrigatorlari zimmasiga sug‘orish obуektlariga 20 dona «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatish asosiy vazifa qilib qo‘yilgani eslatildi. Yil yakunlanayotgan bo‘lishiga qaramay har xil sabab va vajlar bilan irrigatorlar bu ishni tezlashtirish uchun jon koyitishmayapti. Kanallarga 7 dona qurilmalarni o‘rnatib qo‘yib, topshiriqni bajarayapmizku, deyish sariosiyolik irrigatorlarga yarashmaydi. Qolgan obуektlarga qurilmalarni o‘rnatish uchun yana 209 million so‘m talab etiladi. Tuman irrigatsiya bo‘limi rahbari hamda hisobchisiga moliya muassasalari mutaxassislarini tez-tez bezovta qilib mablag‘ so‘rash, fermer va klaster tashkilotlarini homiylikka jalb qilib bo‘lsada, yil oxirigacha mablag‘ topish, qolgan 13 ta obуektga qurilmalarni qo‘yish topshirig‘i berildi. Bundan tashqari, avvaldan qo‘yilgan qurilmalar sim karta to‘lovlarini amalga oshirish, barchasini ishchi holatiga keltirish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati