O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Beruniy suv xo‘jaligi va melioratsiya kollejiga tashrif buyurdi.
Ta’lim muassasasining 2023–2024 o‘quv yilida o‘quv-tarbiyaviy va moddiy bazasini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar bo‘yicha «yo‘l xarita»sini ishlab chiqish hamda unga kiritilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Kollejga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlari mas’ullariga topshiriqlar berildi.
Vazir mazkur kollejning o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalarini, dala maydonida o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyasi qurilmasidan foydalanilishini ko‘zdan kechirdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan uchrashib, muammolarini o‘rgandi va takliflarini tingladi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev kollejning ma’muriy binosi oldidagi dala maydonida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ham ishtirok etdi.
Vazir Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayni kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlanayotganiga urg‘u berar ekan, barcha suvchilarni ushbu xayrli tadbirlarda faol ishtirok etishga da’vat qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati