Kelgusida ekiladigan ekin turlarining rivoji, hosil bo‘liqligi, eng asosiysi undan olinadigan daromad miqdori yerni meliorativ holatiga har jihatdan bog‘liq. Bu boradagi yumushlar boshqa viloyatlarga qaraganda, Sirdaryoda anchagina e’tibor talab etadi.
Sayxunobod tumanida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi ko‘rgazmali seminarda tumandagi “Kendik” kollektorini tizimli ta’mirlash-tiklash borasida olib borilayotgan ishlar, kelgusida bajarilishi ko‘zda tutilgan vazifalar to‘g‘rida so‘z yuritildi.
Va shu bilan birga, uzunligi 60 km bo‘lgan “Kendik” kollektorini ta’mirlash va tiklash ishlarida bevosita ishtirok etayotgan pudratchi tashkilot "Shohrux-Demirbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchi-xizmatchilari tomonidan shu bugungi kungacha bajarilgan ishlar hajmiga, kelgusida ushbu kollektorda bajarilishi ko‘zda tutilgan ishlar, uning bajarilish muddatiga ahamiyat qaratilib, ushbu kollektor to‘lig‘icha ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng, o‘rtacha sho‘rlangan yer maydoni 100 gektarga, sizot suvlar sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydonlar 600 gektarga kamayishi, buning natijasida hosildorlik miqdori bir necha marotabaga oshishi ta’kidlandi.
Eng asosiysi, “Kendik” kollektori hisobiga meliorativ holati yomonlashgan, 500 gektar yer maydonining meliorativ holati barqarorlashib, 1200 gektar yer maydonining holati yaxshilanadi.
Sayxunobodda Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilgan seminarda bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, buning uchun qo‘shimcha mexanizmlarni jalb etish, kuzatuv quduqlarini ta’mirlash, o‘lchov ishlarini muddatida o‘tkazish, kollektorlarni ishchi holatini doimiy nazorat qilib borish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kollektorlar chetiga ko‘chat ekish, kuzgi-qishki mavsumda meliorativ holati yomon, unumdorligi past bo‘lgan yer maydonlarda sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.
Quyi Sirdaryo ITHB matbuot xizmati