Ayni kunlarda Chirchiq-Ohangaron ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi bo‘limlarida kuz va qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Boshqarmaning Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yangiovul” nasos stansiyasida o‘tkazilgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi.
“Yangiovul” nasos stansiyasida agregatlar soni 4 dona bo‘lib, ularga 4 nafar ishchi-xodim biriktirilgan. Nasos stansiyaning umumiy suv chiqarish qobiliyati 0,8 m3/sek ni tashkil etadi. Bugungi kunda nasos stansiyasi yordamida tumandagi 428 gektar maydonga suv yetkazib berilmoqda.
Seminarda nasos stansiyalarida olib borilayotgan joriy ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha ma’lumot berilar ekan, ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda, eng avvalo, sifatga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Stansiyalarda yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish, atrof-muhitni yashil hududga aylantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda “Yangiovul” nasos stansiyasi yordamchi xo‘jaligida 6 bosh qo‘y, 10 bosh quyon hamda 30 ta tovuq boqilmoqda. Nasos stansiya atrofida ajratilgan 2,5 sotix yer maydoniga 3 500 tup terak hamda 5000 dona qalamcha ekildi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati