O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sh.Suyunovning “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekin maydonlaridan unumli foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish” bo‘yicha vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari uchun rasmiy bayonoti
Suv – ulug‘ ne’mat.
Ariqlarimizdan oqayotgan zilol suvlar, quvurlar orqali xonadonimizgacha yetkazib berilayotgan sof va totli obi hayot, unumdor va serhosil sug‘oriladigan yerlar, mirishkor va sohibkor bobo dehqonlar – bularning bari Yaratganning xalqimizga bebaho inoyatidir.
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzasida joylashgan jonajon diyorimizda suvchilarning mashaqqatli xizmatlari evaziga dalalarga suv yetkazib berilib, ekinlardan mo‘l hosil olinayapti, bozorlarimiz yilning to‘rt faslida ham to‘kin, dasturxonlarimiz oziq-ovqat mahsulotlariga to‘la, turmushimiz yildan yilga farovonlashib borayapti.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz suv xo‘jaligi sohasini kompleks rivojlantirish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, raqamli va suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada muayyan natijalarga erishilmoqda.
Tashvishlanarli tomoni, Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi yildan yilga chuqurlashib borayapti. O‘zbekistonda foydalaniladigan suvning 20 foizi respublika ichkarisida, 80 foizi esa qo‘shni mamlakatlar hududida shakllanadi. Global iqlim o‘zgarishlari, mintaqada yog‘ingarchilik miqdorlarining yildan yilga kamayishi suv resurslariga ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bundan 30-35 yil oldin mamlakatimizda foydalaniladigan yillik suv miqdori 62-64 mlrd. m3 atrofida bo‘lgan, hozirga kelib 51-52 mlrd. m3 ga tushib qoldi. Agarda shu tendensiya davom etadigan bo‘lsa, yaqin yigirma yilda ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi hozirgidan 15 foizga qisqarishi mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hozirgidan 25 foizga kamayib ketadi.
Hisob-kitoblarga qaraganda, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida 2040-yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 mlrd. dollargacha mablag‘ yo‘qotayotganidan ogohlantirmoqda.
Mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan nizo yoki ziddiyatlar yuzaga kelgan taqdirda transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishda qanchalik mashaqqat va muammolar paydo bo‘lishini yaqin tarixda boshdan o‘tkazdik. Markaziy Osiyo tinchligiga tahdid soluvchi tashqi ta’sirlar ham suvni richag sifatida ishlatishga urinib ko‘rishgan holatlar bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi natijasida ziddiyatlar barham topib, suv bo‘yicha muammolar ham yechilmoqda.
Ayni paytda suv taqchilligining oqibatlari Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazishi muqarrarligini hisobga olgan holda Davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro tashkilotlardagi chiqishlarida, respublikamiz hududlariga safari chog‘ida suv masalasiga alohida e’tibor qaratib, uni tejash, samarali foydalanishga da’vat etayotgani bejiz emas.
Mamlakatimizda jami suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladi, 4 foizi kommunal maqsadlarda iste’mol qilinadi, qolgan qismi sanoat va boshqa yo‘nalishlarda foydalaniladi. Suv yo‘qotishlarining katta qismi ham aynan qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi. Sug‘orish tarmoqlarining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35-40 foizgacha suv yo‘qotilmoqda.
Respublikada jami sug‘oriladigan yer maydonlari 4,3 mln. gektarni tashkil etib, 2023-yil sug‘orish mavsumigacha suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 1,2 mln. gektarga yoki sug‘oriladigan yerlarning 28 foiziga yetkazildi.
Joriy yilning 1-noyabr holatiga 471,8 ming gektar maydonda tomchilatib, 48,2 ming gektarda yomg‘irlatib, 24,6 ming gektarda diskret, 63,5 ming gektar maydonda boshqa suv tejovchi sug‘orish tizimlari joriy qilindi hamda 637,2 ming gektar ekin maydonlari lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Respublikamizdagi sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizdan ortiq qismi 1680 dan ziyod nasos stansiyalari va 4 mingdan ortiq sug‘orish quduqlari orqali suv ichadi.
Suv xo‘jaligi tarmoqlarida 2017 yilda elektr energiyasi sarfi 8 mlrd. 342 mln. kVt. soatni tashkil etgan bo‘lsa, oxirgi besh yilda elektr energiyasining yillik sarfini qariyb 1,5 mlrd. kVt. soatga kamaytirishga erishildi va 2022-yil yakuni bo‘yicha 6,8 mlrd. kVt. soatga teng bo‘ldi.
Suv davlat byudjetidan sarflanayotgan katta mablag‘lar va mashaqqatlar evaziga ekin dalalariga yetib bormoqda. Yaqinda Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari "Suv – tekin emas", degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozim" ekanini ta’kidladilar.
Muqaddas dinimizda ham suv eng ulug‘ ne’mat ekanligi, uning isrof qilingan har bir tomchisi uchun hisob-kitob muqarrarligi eslatilgan. Shu bois ehtiyojimizni qondirayotgan bu noyob ne’matni yetkazib berish jarayonida davlatimizning qanchadan-qancha mablag‘i sarflanayotganini, qanchadan-qancha mutaxassislar bu yo‘lda xizmat qilayotgani farzandlarimizga tushuntiraylik!
Shu bilan birgalikda, o‘z hududimizdan o‘tgan ariqlarni tozalab, hasharlar uyushtirib, suv yo‘llari atrofini obodonlashtirishga, suvni asrashga hissa qo‘shaylik, bu borada har birimiz namuna bo‘laylik!
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sh.Suyunovning 2023 yil sug‘orish mavsumida amalga oshirilgan ishlar haqida
ommaviy axborot vositalari uchun rasmiy bayonoti
2023 yil sug‘orish mavsumi muvaffaqiyatli o‘tdi.
Yanvar-oktyabr oylarida sug‘orish ishlariga jami 39 mlrd. 300 mln.m3 suv yetkazib berildi. Olingan suv bilan 17 mln. 700 ming gektar, shundan 3 mln. 800 ming gektar g‘o‘za, 4 mln. 900 ming gektar g‘alla, 1,9 mln gektar takroriy, 7 mln. 100 ming gektar tomorqa va boshqa ekin maydonlarida sug‘orish ishlari amalga oshirildi.
Joriy yilda yilda suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazer tekislash,agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan 7 mlrd. kub metr miqdoridagi suv resurslarini iqtisod qilinishga erishildi. Jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobidan 1 mlrd. 866 mln. kub metr, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash tadbirlarini o‘tkazish hisobidan 1 mlrd. 897 mln. kub metr, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobidan 542 mln. kub metr hamda ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish va sholini intensiv usulda ekish hamda ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlar amalga oshirish hisobidan 2 mlrd. 704 mln. kub metr miqdorida suv resurslari iqtisod qilinishiga erishildi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Sh.Suyunovning suv xo‘jaligi sohasida 2022-2023 yillar kuz-qish davrida bajariladigan chora-tadbirlar, irrigatsiya va melioratsiya inshootlarini tozalash, ta’mirlash ishlari haqida ommaviy axborot vositalari uchun rasmiy bayonoti
2023 yilda 970,6 mlrd. so‘m (774,5 mlrd. so‘m irrigatsiya, 196,1 mlrd. so‘m melioratsiya) ajratilgan limit doirasida 186 ta (139 ta irrigatsiya, 47 ta melioratsiya) ob’ektlarida qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Bunda:
irrigatsiya yo‘nalishida 361,3 km kanal, 27,7 km lotok, 23 ta gidrotexnika inshootlari, 22,1 m3/s nasos stansiyalari, 4,6 km bosimli quvurlar, 2 ta ko‘prik va 112 ta sug‘orish qudug‘ini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 2,6 km qirg‘oq himoya ishlarini bajarish;
melioratsiya yo‘nalishida 216,4 km ochiq, 167,5 km yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 10 ta vertikal drenaj qudug‘i, 60 ta gidrotexnik inshoot, 58 ta kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 193 ta (32 ta yildan-yilga o‘tuvchi, 161 ta yangidan boshlanuvchi) ob’ekt doirasida 14 220,5 km uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini tizimli ta’mirlash-tiklash rejalashtirilgan.
2023 yil 1 noyabr holatiga irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 566,8 mlrd.so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilib, ushbu mablag‘lar hisobiga 297,4 km kanal, 41,0 km lotok, 11 ta gidrotexnika inshootlari, 2,9 m3/s nasos stansiyalari, 3,1 km bosimli quvurlar, 2 ta ko‘prik va 56 ta sug‘orish qudug‘ini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 2,6 km qirg‘oq himoya ishlari bajarilgan.
melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 224,2 mlrd.so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilib, 193,6 km ochiq, 142,1 km yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 6 ta vertikal drenaj qudug‘i, 25 ta gidrotexnik inshoot, 58 ta kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarilgan.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 207,6 ming gektar maydonning suv ta’minoti, 105,7 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.