Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida boshqa masalalar qatori kelgusi yilning “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilinganligi Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizim tashkilotlari mutaxassislarini yangicha tartibda ishlash, mavjud sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga tayyorlash chora-tadbirlarini izlashga da’vat etmoqda.
Birinchi navbatda ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki viloyatning barcha toifa xo‘jaliklari hududida jami 12321 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari mavjud bo‘lib, ularning 3826 kilometri betonlashtirilgan. Qolgan 8 ming kilometrdan ziyod ichki sug‘orish tarmoqlari tuproq o‘zanli bo‘lib, har yilgi sug‘orish mavsumi davrida kanallar orqali yetkazib berilayotgan obihayotning 30 foizdan ko‘prog‘i janub quyoshida bug‘lanishi va yerga singib ketishi tufayli yo‘qotilmoqda.
– Kuni-kecha mamlakatimiz rahbari o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib chora-tadbirlar ishlab chiqdik, – deydi Amu-Surxon ITHB boshlig‘ining o‘rinbosari To‘lqin Mahmudov. – Birinchi navbatda tuproq o‘zanli ichki kanal, shohariq va ariqlarni betonlashtirish rejalashtirildi. Joriy yilning oxiri va kelgusi yil davomida jami 360 kilometr tuproq o‘zanli ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtiriladi. Bu ish to‘liq yakuniga yetkazilgach, yiliga 200 million kub metr obihayot tejaladi va tejalgan suv hisobiga 36 ming gektar ekin maydonlarini qo‘shimcha suv bilan ta’minlash imkoniyati vujudga keladi.
Ayni paytda viloyatning bir necha tumanida ichki sug‘orish tarmoqlarining tuproq o‘zanli qismlarini betonlashtirishga kirishildi. Jumladan, Angor tumani irrigatsiya bo‘limi mutaxassislari mahalla faollari, fermer xo‘jaliklari va “Angor zamin klaster” MChJni homiylikka jalb qilib, ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishmoqda.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati