Boysun tumani – tog‘li hudud. Boysunning tekis maydonlarida dehqonchilik qilish, aholini ish va daromadga ega bo‘lishiga erishish ko‘p jihatdan qish hamda bahor oylarida osmondan tushadigan qor va yomg‘irlarga bog‘liq. Tog‘li hududda qor ko‘p tushishi va ayniqsa bahor oylari seryog‘in kelganda qor suvlari aralashib, sel suvlari toshadi hamda ko‘p joylarni yuvib, soylarga tushib yerga behuda singib ketadi. Uzog‘i bilan 15–20 kun davom etadigan sel suvlarini yig‘ish va ayni ekinlar parvarishi davrida suv taqchilligini yumshatish maqsadida ancha vaqt ilgari «Hangaronsoy» sel suv omborini qurish boshlangandi. 2016–2020 yillar mobaynida bir necha quruvchi tashkilotlar bunyodkorlari tomonidan ushbu sel suvlarini yig‘ish omborini barpo etish yuzasidan 80 foiz ishlar amalga oshirilgan. So‘ng mablag‘ yetishmovchiligi va boshqa sabablarga ko‘ra, bunyodkorlik ishlari to‘xtab qolgandi.
Prezidentimizning joriy yil 16–17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif chog‘ida suv isrofgarchiligi oldini olish hamda tejash maqsadida mutasaddilarga vohadagi 47 ta kanalni betonlashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur tayyorlash, suv yo‘qotishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash, 2024 yilda «Sherobod magistral» kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar ekinzorlarni kafolatli obihayot bilan ta’minlash, Boysun tumanida «Hangaronsoy» sel suv ombori qurilishining ikkinchi navbatiga kirishib, qolgan ishlarni nihoyasiga yetkazish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar rahbaru mutaxassislari hamda nuroniylar ishtirokida «Hangaronsoy» sel suv omborini qurish, obyektning ikkinchi navbati qurilishini boshlab, qurilish ishlarini tugallanmay qolgan qismini yakunlash oldidan jonliq so‘yilib, qur’on tilovat qilindi. Obyekt quruvchisiga bunyodkorlik jarayonida loyiha bo‘yicha ish bajarish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Obyektdagi ishlarni tez va sifatli uddalanishini jamoatchilik tomonidan nazoratini kuchaytirish niyatida nuroniylar va mehnat faxriylaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.
– Prezident topshirig‘ida ko‘zda tutilgan qurilish ishlarini sifatli ado etish niyatida «Hangaronsoy» sel suvlarini yig‘ish omborida favqulodda suv tashlama inshootining qoldiq ish hajmlarini tugallash uchun 5700 kub metr yer hamda 700 kub metr beton ishlarini bajarish, dambaning chap qirg‘og‘idagi 40 ta nuqtada in’eksiya qilish, 12 dona pizometrlarni o‘rnatish, 3 ta xizmat va dispetcherlik uychalarini jihozlashni yakunlash, elektr liniya tortishni poyoniga yetkazish, sel suv omborining 425 metr uzunlikdagi dambasini to‘liq rekonstruksiya qilish, sel suvlarini to‘plash omborining atrofini temir panjaralar bilan o‘rash va keng miqyosli obodonlashtirish ishlarini uddalash rejalashtirilgan, – deydi «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Toshboyev. – Tajribali quruvchi Ne’mat Irgashev rahbarligidagi «Faxriddin» MChJ bunyodkorlari ishni boshlab yuborgan.
– «Hangaronsoy» sel suvlarini to‘plash ombori qurib bitkazilgach, har yili bahor oylarida ro‘y beradigan sel toshqinlaridan soylarga oqib, yerga behuda singib ketadigan suvning 6,5 million metr kubini yig‘ish imkoni tug‘iladi, – deydi Boysun tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Elmurod Qulmirzayev. – Natijada sel suvlari sobiq «Boysun» shirkat xo‘jaligi hududidagi «Ko‘lqamish», «Kofrun», «G‘ayrat» massivlaridagi dalalarga «To‘g‘iz» va «Olov» shoxariqlari orqali yetib boradi va ziroatlar parvarishi jarayonida obihayot ta’minotidagi muammo hal qilinadi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati