Joriy yilda Buxoro viloyatidagi mavjud 3070 ta paxta va g‘allachilik, 1158 ta bog‘dorchilik va uzumchilik, 764 ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari hisobidagi 360 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini to‘liq betonlashtirish va shu orqali suv sarfini keskin qisqartirish va sug‘orish ishlari samaradorligini oshirish harakatiga jiddiy kirishilgan.
Bugungi kunda Qorovulbozor tumanida jami sug‘oriladigan ekin yeri 16 ming 800 gektar bo‘lib, ularga 5 ta xo‘jaliklararo kanal va 13 ta suv taqsimlash inshooti orqali obihayot yetkazib berilmoqda. Shuning barobarida suv yo‘llari ta’miri bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Jumladan, mavjud kanallarning 1,5 kilometr qismi, “Qorovulbozor” markaziy kanalining 300-310-piketlari oralig‘i o‘tgan yili agroklaster hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan betonlashtirilgan bo‘lib, yana 22 kilometr masofadagi suv yo‘li tozalangan. Ayni kunda tumanda suv yo‘llarini betonlashtirish ishlarini davom ettirmoqdalar.
– Hozirda Navbahor, Bo‘zachi va Jarqoq hududlaridagi xo‘jaliklararo suv tarmog‘i 66 kilometrdan ziyod bo‘lib, shundan 2023-yil kuzidan 2024-yil erta bahor mavsumdagacha 54 kilometr ariqni betonlashtirish loyihasi ishlab chiqilgan, – deydi tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Rahmatullo Yahyoyev. – Birgina joriy dekabr oyida hududdagi 16 kilometr ariqni betonlashtirish ishlari jadal bormoqda. Amalda bajarilgan ish hajmi 5 kilometrni yoki 32 foizni tashkil etmoqda. Kundalik o‘rganishlardan ko‘rinishicha, xo‘jaliklararo ichki tarmoqlardan kuniga 300–350 metr qismi betonlashtirilmoqda.
Manzilli olib borilayotgan ishlarga to‘xtalsak, hozirda “Bo‘zachi” MFY da faoliyat yuritayotgan “Emir Murod”, “Yahyo Javohir”, “Jarqoq” hududidagi “Zarafshon-Nurafshon”, “Shahruzbek zamini” hamda “Ark Eko Tekstile Sluster” MChJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri ekin yerlariga suv boradigan ariqlar o‘zanining 200 metrdan 600 metrgacha qismi betonlashtirilmoqda.
Umuman, suv taqchilligi tobora sezilayotgan hozirgi paytda viloyatning barcha tumanlarida ekin yerlariga boradigan ariqlarni betonlashtirish ishlari jadal bormoqda. Zero, bunday kanal va ariqlarda suv ravon oqadi va asosiysi, bebaho tabiat ne’mati yerga behuda singib, ko‘p miqdorda isrof bo‘lishining oldi olinadi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati