Amu-Surxon ITHB ma’muriy binosida barcha tizim tashkilotlari va tumanlar irrigatsiya bo‘limlari, «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi, meliorativ ekspeditsiya, nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi rahbaru mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Havza boshqarmasi rahbari Botir Alimov boshqargan yig‘ilishda Prezidentning 2021-yil 24-fevraldagi «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalarning tizim tashkilotlarida ijrosi tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Suv resurslaridan foydalanish va suv sarfini aniq hisob-kitobini yuritishda irrigatsiya tizim boshqarmalari va irrigatsiya bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan gidrometr mutaxassislarning xizmati katta. Ammo bugun viloyat suv xo‘jaligi tashkilotlarida ishlayotgan 95 nafar gidrometrning 31 nafari oliy ma’lumotli.Ularning ham 8 nafari irrigatsiya va qishloq xo‘jaligiga taalluqli bo‘lmagan oliygohlarni bitirgan. Gidrometr lavozim shtatlarini oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan to‘ldirish masalasi har bir yig‘ilishda ikki oydan beri muhokama qilinib, qat’iy topshiriqlar berilayotganiga qaramay o‘zgarish sezilmayapti. Hamon tizimdagi gidrometr shtatlarining 64 tasini o‘rta ma’lumotli shaxslar band etib kelayapti. Vaholanki, har yili voha yoshlari orasidan irrigatsiya oliygohlarini bitirib kelayotgan mutaxassislar ishga joylasha olmay, boshqa sohalarga ketib qolayapti. Yig‘ilishda tizim tashkilotlari rahbarlariga o‘rta ma’lumotli ishchilarni boshqa vazifalarga joylashtirib, gidrometr lavozimlariga oliy ma’lumotli mutaxassislarni jalb etib, joylashtirish topshirig‘i berildi. Shuningdek, tizim tashkilotlaridagi dispetcherlik xizmatida mehnat qilayotganlarning ham asosiy qismini o‘rta ma’lumotlilar tashkil etayotgani muhokama qilinib, bu lavozimlarni ham oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi yuklatildi.
Tobora taqchil bo‘lib borayotgan suv resurslaridan samarali foydalanish va tejash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Prezidentimiz Surxondaryoga tashrif chog‘i vohadagi kanallar betonlashtirilmagani, nasos stansiyalari eskirgani, kanal va boshqa sug‘orish tarmoqlari ta’mirtalabligi bois oqib turgan obihayotning 35 foiz qismi to dalalarga yetib borgunicha yo‘qotilayotganligini aytib, kanal va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga jiddiy kirishish topshirig‘i berilgan edi. Topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tizim tashkilotlari imkoniyatlarini chamalab ko‘rib, 360 kilometrdan ortiq kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlari hamda ichki sug‘orish tarmoqlarining katta qismini betonlashtirish choralari belgilangandi. Yig‘ilishda ushbu masala ham keng muhokama qilindi va sifatga e’tibor berish, fermer xo‘jaliklari, klaster tashkilotlari rahbaru mutaxassislarini homiylikka jalb qilgan holda ayniqsa ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishni jadallashtirish topshiriqlari berildi. Suvdan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishning eng qulay usuli bu – g‘alla va paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishdir. Afsuski viloyatdagi fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlarida tejamkor texnologiyalarni joriy etish sust tashkil qilinayotir. Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on tumanlari irrigatsiya bo‘limlari mutaxassislari iste’molchilar bilan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish yuzasidan shartnomalarni rasmiylashtirishni hanuzgacha to‘liq yakunlashmagani tanqid qilindi. Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Sariosiyo, Uzun, Sho‘rchi, Termiz tumanlari irrigatsiya bo‘limlari rahbarlariga shartnomalarni tezroq rasmiylashtirish va moliyaviy muassasalarga taqdim etish topshirig‘i berildi. Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on tumanlari irrigatsiya bo‘limlari rahbaru mutaxassislari vazifalariga nisbatan mas’uliyat his etmayotganliklari tufayli hanuzgacha 2024-yilda iste’molchilarga suv yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish ahvoli o‘lda-jo‘lda.Mazkur tumanlarda maxsus xizmat hisob raqamiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun mablag‘ undirish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani sababli har uchala tuman irrigatsiya bo‘limlari boshliqlariga hayfsan hamda Uzun tumani irrigatsiya bo‘limi rahbarini egallab turgan vazifasidan bo‘shatish jazolari tayinlandi.
Kanallar, shoxariq va ariqlarga oqib turgan obihayot, nasos stansiyalaridan chiqib turgan suv hajmi va elektr energiyasi sarfini aniq hisobini chiqarishda zamonaviy o‘lchov jihozlari va qurilmalaridan foydalanish hamda o‘rnatish muhim vazifalardan biridir. Ikki yildan ortiq vaqtdan buyon tizim tashkilotlari va mutaxassislariga mahalliy byudjet va rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan «Aqlli suv», «Dayver» qurilmalarini o‘rnatish, nasos stansiyalarida suv va energiya iqtisodini onlayn o‘lchash jihozlarini qo‘yish topshirig‘i berilganiga qaramay, irrigatorlar tomonidan har xil vajlar bilan qurilmalar to‘liq o‘rnatilmagan. Bundan bir oy muqaddam respublika byudjetidan mablag‘ ajratilganiga qaramay, qurilmalarni o‘rnatishda o‘zgarish sezilmayotgani muhokama qilinib, mas’ullardan sabablari so‘raldi. Mablag‘dan maqsadli va samarali foydalanib, qurilmalarni o‘rnatish ishlarini tezroq yakunlash vazifasi har bir tizim tashkilotlari zimmasiga yuklandi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati