Assalomu alaykum, forum ishtirokchilari!
Bugungi muloqotimizda qatnashayotgan qadrli yoshlar!
Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun hurmatli Prezidentimiz bor kuch va imkoniyatlarni ishga solmoqda. Bugun yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning muhim vazifasiga aylangan.
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 33 300 nafar xodim ishlaydi. Shundan 3 630 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ulardan 1 675 nafari oliy ma’lumotli.
Bu yil yosh kadrlarning oltin zaxirasini yaratishga qattiq bel bog‘lab kirishdik. Quyi bo‘g‘indagi suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarligiga yoshlarni qo‘yish, ularni tarbiyalash, tajribasini oshirish, qo‘llab-quvvatlashni shaxsan o‘zim nazoratga oldim. Natijada bugungi kunda rahbar lavozimlarda ishlayotgan yoshlarimiz soni 152 nafarga yetdi.
2023-yil yanvar oyida “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi”ga muvofiq tanlov e’lon qilinib, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchi talabalaridan hujjatlar qabul qilindi. Test va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan 16 nafar nomzod tanlab olindi. Ular ustozga biriktirilib, 6 oylik stajirovka o‘tadilar. Keyin barchasini vazirlik tizim tashkilotlariga ishga oldik.
Bu an’anani davom ettirgan holda, 2024-yil yanvar oyida ham bitiruvchilarni vazirlikning tizim tashkilotlarida ishga olishdan oldin saralash, ularning stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilamiz.
Vazirlik tizim tashkilotlariga har yili oliy o‘quv yurtlarining 500 nafar bitiruvchi yoshlari ishga qabul qilinmoqda. Bu ezgu harakat kelgusi yillarda ham davom ettiriladi. Yosh mutaxassislarning kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida ularni tajribali mutaxassislarga biriktirish, “ustoz-shogird” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, ularning ishni puxta o‘rganishi, sohaga ko‘nikib ketishi tizimdagi har bir rahbar oldiga mas’uliyat etib belgilangan. Shaxsan o‘zim qaysi hududga bormayin, albatta, vaqt topib yoshlar bilan uchrashaman. Ularning qanday mehnat qilayotgani, hayotga qiziqishlarini o‘rganaman, muammolari bo‘lsa, joyida yechim topishga harakat qilaman.
Barcha tizim tashkilotlarimizda yoshlarning boshlang‘ich tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuni alohida ta’kidlashim kerak, vazirlikning yoshlar yetakchisi bevosita mening yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchim hisoblanadi.
U orqali Sizlarning o‘y-xayollaringiz, orzu-istaklaringiz, quvonchu-tashvishlaringiz, muammolaringizdan xabardor bo‘lib turaman. Yana bir karra aytaman, eshigim yoshlar uchun hamisha ochiq. Taklif yoki muammolari bilan kelgan yoshlarni qabul qilishga, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorman.
Xalqimizda “Suv – zar, suvchi – zargar” degan naql bor. Suvchini zargarga tenglagan xalqimiz miroblarni azaldan qadrlagan, ularga hamisha davraning to‘ridan joy bergan. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, miroblar orasidan buyuk insonlar yetishib chiqqan. Misol uchun, shoir va tarixchi Ogahiy mirob oilasida dunyoga kelgan, o‘zi ham miroblik qilgan. Davlatimiz rahbari mana shu biz o‘qigan oliy o‘quv yurtida ta’lim olgan, yoshlarga yetakchilik qilgan.
Savobli kasb egalari bo‘lgan suvchilar orasida o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi o‘zgarishlarda faol ishtirok etib kelayotgan g‘ayratli yoshlar juda ko‘p. Biz suvchi yoshlarimizning tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning tijorat banklaridan kredit olishlariga yordam beramiz.
Boshqa sohalar bilan solishtirganda suv xo‘jaligi xodimlarining maoshi kamroq. Lekin, imkoniyatlarimiz ko‘p. Suvimiz, foydalanadigan yerimiz bor, yordamchi xo‘jaliklar tashkil etib, qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari yetarli. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, savobli kasbimiz sirlarini o‘rgatsak va halol rizq insonga halovat olib kelishini tushuntirsak, ular aslo kam bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning yoshlarga bergan maslahatini eslatib o‘tmoqchiman: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
Bu ishlarda Siz yoshlar o‘zlaringizni ko‘rsatib, g‘ayrat-shijoatingiz, tashabbusingiz bilan bizga doimo ko‘makchi va kamarbasta bo‘lasiz, degan umiddaman.
Aziz yoshlar!
Sizdagi shijoat, g‘ayrat va vatanparvarlik yanada yuksalaversin.
O‘zining halol mehnati bilan yurtimiz obodligiga hissa qo‘shayotgan Siz kabi yoshlarning safi kengayaversin.
Hayot yo‘lingiz ravon va porloq bo‘lsin!