Prezidentimiz raisligida shu yilning 20 dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida «IT sohasini rivojlantirishsiz davlat, jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi», degan fikr ilgari surildi.
– Yurtboshimizning bu fikrlari suv xo‘jaligi sohasiga ham daxldordir, – deydi Termiz tumani irrigatsiya bo‘limi Axborot texnologiyalari va raqamli texnologiyalarni joriy etishga mas’ul xodimi Dilmurod Yormatov. – Chunki iqlim o‘zgarishi, daryolarda obihayot miqdori yil osha kamayib borayotgan paytda mavjud suv resurslaridan tejab foydalanish dehqondan tortib, suv xo‘jaligi mutaxassislarining asosiy burchi va vazifasiga aylanmog‘i shart. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kanallar va shoxariq, ariqlarda oqib borayotgan va iste’molchi ekin maydonlariga yetkazib berilayotgan obihayotning aniq hisob-kitobini chiqarish va iste’molchi tomonidan sarflangan suvning hisobini aniqlashda raqamli texnologiyalarning ahamiyati g‘oyat katta.
Yosh mutaxassis Dilmurod Yormatov kuyinchaklik bilan bildirayotgan fikrlariga qo‘shilgan holda Termiz tumanidagi sug‘orish tarmoqlarida «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatish holati bilan tanishdik. O‘tgan vaqt mobaynida tuman hududidan o‘tuvchi hamda tumanning barcha turdagi ekin ekiladigan dalalariga suv yetkazuvchi «G‘arbiy», «Sharqiy», «Kattaqum-R-1», «Kattaqum-R-2», «Termiz» va boshqa kanallarga jami 15 ta zamonaviy suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatilgan. Mahalliy byudjetdan anchadan beri mablag‘ ajratilmayotgani hisobiga irrigatorlar qolgan kanallar va shohariqlarga «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishayotgandi. Yaqinda respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘ hisobiga hozirda «South Air» MChJ vakillari tuman irrigatsiya bo‘limi bilan shartnoma tuzib, yana 10 ta «Aqlli suv» qurilmalarini belgilangan kanallarga qo‘yib chiqishayapti. Dilmurod Yormatovning ta’kidlashicha, avval qo‘yilgan qurilmalarni o‘rnatgan mutaxassislar ulardan qanday foydalanishni o‘rgatgan mutaxassislar hozirda tizimda mehnat qilishmaydi. Shuning uchun MChJ mutaxassislariga irrigatsiya bo‘limining uch nafar xodimi biriktirilib, qurilmalarni ishlatish, to‘xtab qolganda sozlash, vazirlik serveriga ma’lumotlarni to‘liq yetib borishiga xizmat qiluvchi sim kartalarni almashtirish va boshqa jihatlarini o‘rganishmoqda.
Aytish kerakki, shu kecha-kunduzda Amu-Surxon ITHBning boshqa tizim tashkilotlarida ham «Aqlli suv», va «Dayver» qurilmalarini o‘rnatish ishlari jadal ketmoqda.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati