Amu-Surxon ITHB tarkibidagi tashkilotlar orasida «Surxon-Sherobod» irrigatsiya tizim boshqarmasi jamoasining yuki boshqa tashkilotlarga nisbatan ancha zalvorli. Boshqarma tasarrufida umumiy uzunligi 113,5 kilometrdan iborat 33 ta yirik kanal bo‘lib, bu sug‘orish tarmoqlari orqali jamoa a’zolari viloyatning Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Sherobod, Bandixon, Termiz tumanlarining jami 269,2 ming gektar ekin maydonlariga obihayot taqsimlashadi. 191 nafar mutaxassis jamlangan irrigatsiya tizim boshqarmasi jamoasi yuqorida nomlari zikr qilingan tumanlar hududidagi yirik kanallarda suv ravon oqishi, obihayotning iste’molchilar dalasiga teng taqsimlanishi, ushbu sug‘orish tarmoqlarini xavfsiz ekspluatatsiya qilish, doimiy ravishda ta’mirlash kabi yumushlarni vijdonan ado etib kelishayotir.
Kanallarda 2023–2024 yillar kuzgi-qishki ishlarni amalga oshirish rejasida belgilangan yumushlar sifatli uddalanayapti. Nosug‘orish mavsumidan unumli foydalanib qolish uchun birinchi navbatda xo‘jaliklararo kanallarning loyqa va chiqindilardan to‘lib qolgan qismini tezroq mexanizmlar yordamida tozalash choralarini ko‘rishmoqda. Bundan tashqari, kanallardagi gidrotexnik inshootlar va gidropostlar ta’miri ham hamjihatlikda davom ettirilayotir. Bugungacha 34 ta gidrotexnik inshootning 24 tasi, 30 ta gidropostning 22 tasi sifatli ta’mirdan chiqarildi. Ta’mirlangan gidrotexnik inshoot va gidropostlar umrini uzaytirish maqsadida moylanib, bir yo‘la bo‘yoqlanmoqda.
– Viloyatdagi uchta toifalangan muhim ob’ekt – «To‘palang», «Jarqo‘rg‘on», «Sherobod» suv taqsimlash inshootlariga ham jamoamiz mutaxassislari mas’ul, – deydi «Surxon-Sherobod» ITB boshlig‘i Shaydulla Rahmonov. – Bu inshootlarni xavfsiz va texnik soz holatda ekspluatatsiya qilish, doimiy nazorat qilib borish, navbatchi mutaxassislar hushyorligini oshirish va kuzatuvni tashkil qilish, ta’mirtalab qismlarini doimiy ta’mirlashga jiddiy e’tibor berilayotir. Yaqinda xodimlarimiz «To‘palang» suv taqsimlash inshootida O‘ng qirg‘oq kanalining bosh qismidagi yaroqsiz holga kelgan beton qoplamalarni qayta betonlab chiqishdi. Shuningdek, mavjud 9 ta suv chiqarish darvozasining ko‘tarib tushirish moslamalari hamda elektr dvigatellari yangisiga almashtirildi. Ushbu darvozalarning chirib ketgan rezinalari o‘rniga yangilari qo‘yildi. Dispetcherlik binosining ichki va tashqi qismi ta’mirlanib, yaroqsiz bo‘lib qolgan elektr jihozlar va kabellarni almashtirdik. Premetr bo‘ylab yoritish tizimlari yangilandi. Endilikda mutaxassislarimiz inshootning suv tashlamasi mustahkam bo‘lishi uchun armatura yotqizib, betonlashtirish bilan band.
Jamoa a’zolari kanallar atrofida, gidrouchastkalarda hamda xizmat uylari tevaragidagi bo‘sh yerlarga mevali va manzarali daraxtlar yashnab turishi, kelgusida soyasi va mevalaridan bahramand bo‘lish maqsadida joriy yilning erta bahori va oktyabr-noyabr oylari davomida 90 ming tup har xil daraxt, nihol ko‘chatlari va qalamchalarini ekib chiqishdi. Xususan, kanallar bo‘yiga 18,5 ming tup yapon tuti ekildi. Suv yetaklovchilar endilikda yosh ko‘chat, nihol va qalamchalarni qarovsiz qoldirmaslik, hech bo‘lmaganda 80 foizi ko‘karishi uchun parvarishlashni agrotexnika talablari asosida olib borishayotir.
Boshqarma ishchi-xizmatchilari suv resurslarini samarali boshqarish, obihayotdan oqilona foydalanish, kanallarda oqadigan va iste’molchilarga yetkazib beriladigan suvning aniq hisob-kitobini yuritish maqsadida 33 ta yirik kanallarning barchasiga jami 90 ta «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatib bo‘lishdi. Hozirda pudratchi tashkilot vakillari bilan kanallarga qo‘yilgan qurilmalarni vazirlik serveri bilan integratsiya qilish ishlari amalga oshirilayotir.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati