Assalomu alaykum!
Suv keltirgan elda aziz, deydilar. Savobli kasbni tanlab, suvni boshqarib, yurt dasturxoni to‘kisligiga hissa qo‘shayotgan suv xo‘jaligi xodimlarini Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kengashi, SOP-28 va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda jahon jamoatchiligi e’tiborini shu muammoga qaratib, suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha yangi g‘oyalarni ilgari surdilar.
Yuksak e’tibordan ruhlanib, miroblarimiz vazifasini sidqidildan, halol va vijdonan bajarib, sohadagi qiyinchilik va mashaqqatlarni matonat bilan yengib kelishmoqda.
Oldimizga 2024-yilda 8,0 mlrd. kub metr suvni tejash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.
87 ta irrigatsiya va 54 ta melioratsiya ob’ektlarida qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Buning natijasida 145,0 ming gektar maydonlarning suv ta’minoti, 30,6 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanadi.
Irrigatsiya tarmoqlariga 6 113 ta “Aqlli suv”, meliorativ kuzatuv quduqlariga 2 647 ta “Dayver” qurilmasi o‘rnatiladi, 13 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish avtomatlashtiriladi.
Suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor boshqaruviga berish, elektr energiyasini tejash ishlari izchil davom ettiriladi.
Xorijiy investitsiyalar hisobidan 7 ta loyiha doirasida 163,5 mln. dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi.
Malakali mutaxassislarni tanlov asosida ishga olish, yoshlarni rahbar lavozimlarga tayinlash doimo nazoratimizda bo‘ladi.
Suv xo‘jaligida kuzgi-qishki tadbirlar sohaning taqdirini hal etadi. Kanallarni betonlash, nasos stansiyalarini ta’mirlash va boshqa yumushlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Suvchilarimiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir jonu bir tan bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan marralarga erishishlariga va o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashlariga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, “Suv tekin emas” degan g‘oya ostida kelajak avlod uchun suv resurslarini asrab-avaylash bo‘yicha targ‘ibot ishlariga hissa qo‘shishga, obihayotni tejash bo‘yicha oilada, jamiyatda ibrat bo‘lishga da’vat etaman.
Sizlarni yana bir bor tabriklab, sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt, elimizga hamda yurtimizga tinchlik va barqarorlik tilayman.
2024-yil xayrli, yanada qutlug‘, serfayz kelsin, suvimiz doim mo‘l va barakali bo‘lsin!
Shavkat Xamraуev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
2023-yil 30-dekabr