O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoуev raisligida 2023-yil 29-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini keskin kamaytirish maqsadida 2024-yil “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi.
Mazkur yig‘ilishda suv xo‘jaligidagi eng dolzarb muammoli masallardan biri bo‘lgan kanallarda ortiqcha suvning yo‘qotilishiga alohida e’tibor qaratilib, kanallarni betonlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bu boradagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024-yilda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar hisobidagi 1 ming 500 kilometr, ya’ni 2023-yilga nisbatan 4 barobar ko‘p magistral va xo‘jaliklararo kanallarni betonlash hamda 2025-yilda kamida 2 ming kilometr kanallarni betonlash vazifasi belgilab olindi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun Hukumatning tegishli qarori qabul qilinib, tizimdagi tashkilotlar hisobidagi betonlash ishlari amalga oshiriladigan kanallarning manzilli ro‘yxatlari tasdiqlangan. Mazkur qaror bilan Suv xo‘jaligida “favqulodda ishlash tizimi”ni tashkil qilish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Respublika va Hududiy shtablar tashkil etildi.
Magistral va xo‘jaliklararo kanallarni betonlash ishlari vazirlik tizimidagi “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida obуektlarning tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
Bunda, kanallarni betonlashtirish bo‘yicha ekspluatatsiya tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda loyihaoldi birlamchi hujjatlar, nuqson dalolatnomalar tayyorlanib, eng maqbul loyihaviy yechimlarni hisobga olgan holda loyihani ishlab chiqish uchun texnik topshiriq tasdiqlanadi va loyihachiga beriladi.
Tasdiqlangan texnik topshiriqqa muvofiq, ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgandan so‘ng, buyurtmachi va ekspluatatsiya tashkilotlari hamda vazirlikning Tarmoq ilmiy-texnik kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda, har bir ob’ektning loyihaviy yechimlarning to‘g‘ri tanlanganligi, samaradorligi, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar va materiallardan foydalanilganligi ko‘rib chiqiladi hamda tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar beriladi.
Kanallarda bajariladigan qazish va beton ishlari loyiha-qidiruv ishlari natijalari bo‘yicha tanlangan loyihaviy yechimlarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Loyihaviy yechim kanalda suv oqishi kanalning umumiy uzunligidan kelib chiqib, shuningdek, suv olish nuqtalarining otmetkasi hamda kanalda loyqa cho‘kmaslik va kanal o‘zanidagi yuvilishlar bo‘yicha gidravlik hisob-kitoblarga qarab, kanalni chuqurlikda o‘tkazish yoki ko‘tarma qilib qurish tanlanadi.
Loyihalashtirilgan ob’ektlar bo‘yicha atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi hamda ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot loyihasi ishlab chiqilgandan so‘ng Ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi organlarining Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinadi.
Shuningdek, har bir ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy ekspertiza xulosalari olingandan so‘ng bosh pudratchi tashkilotni aniqlash uchun “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali tender savdolariga e’lon joylashtiriladi.
Elektron tender savdolari natijalariga ko‘ra aniqlangan bosh pudratchi tashkilot bilan buyurtmachi o‘rtasida pudrat shartnomasi imzolanib, qurilish-montaj ishlari sifatli qilib bajariladi.
Qurilish-montaj ishlari bajarilishi ustidan, buyurtmachining texnik nazorati, loyihachi tashkilotning mualliflik nazorati o‘rnatiladi, shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirlining Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilib, tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq sifat nazorati olib boriladi.
Ob’ektlarda qurilish ishtirokchilari tomonidan yong‘inga qarshi, atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilish talablari, ishlovchilarning mehnat xavfsizligi va muhofazasi talablariga rioya qilinishi yuzasidan pudratchi tashkilotlarga zaruriy ko‘rsatmalar berilib, ijrosi buyurtmachilar tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Bundan tashqari, suv resurslari yo‘qotilishi ichki sug‘orish tarmoqlarida yuqori bo‘lganligi bois, ya’ni 30-35 foiz suvni filtratsiya hisobiga sizib ketishini oldini olish maqsadida klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan ariqlarni betonlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Kuni kecha UZDIPLOMAT.UZ saytida “Prezident topshirig‘i respublika bo‘ylab noto‘g‘ri amalga oshirilmoqda” nomli sarlavha bilan e’lon qilingan maqolada “Suvni tejash maqsadida betonlanishi buyurilgan ariqlarni mas’ullar daraxtlari bilan birga betonlab yuboryapti” deya ta’kidlangan.
Mazkur maqolada ko‘rsatib o‘tilgan holatlarga ayrim joylarda, asosan, klaster va fermer xo‘jaliklarining ichki ariq va sug‘orish tarmoqlarida kuzatilayotganligi achinarli holat bo‘lib, kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish uchun joylarda vazirlik tomonidan mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amaliy seminarlar tashkil etiladi va betonlash ishlarini bajarayotgan hasharchilarga zaruriy tavsiya va ko‘rsatmalar berib boriladi.
Bugun vazirlik ma’muriy binosida soat 15:00 da kanallarni betonlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda, soha olimlari, Ekologik partiya, Ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa vazirlik, idoralarning vakillari ishtirok etib, ommaviy axborot vakillarining qiziqtirgan savollariga ilmiy va asoslangan javoblar beriladi.
Axborot xizmati