Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi «Bobotog‘» nasos stansiyaning birinchi navbati 1976-yili, ikkinchi navbati 1982-yili qurilib, ishga tushirilgan. Jarqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi «Amu-Zang» kanalidan 8 ta nasos agregatlari yordamida suv tortib, 79 metr balandlikdagi kanallarga tashlab beruvchi nasos stansiyasi orqali Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarining 18 ming gektardan ortiq ekin maydonlari obihayot bilan ta’minlanadi.
Ushbu obуektda nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi bosh mutaxassislari hamda «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiya viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda amaliy seminar tashkil qilindi. Jarqo‘rg‘on tumani hududidagi barcha nasos stansiyalari jamoalari qatnashgan seminarda Suv xo‘jaligi vazirligining viloyatga biriktirilgan vakili O.Abdullaev, Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari T.Ko‘chkinov, «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi viloyat boshqarmasi mutaxassisi A.Ismoilovlar nasos stansiyasida kuzgi-qishki ta’mirlash ishlarining borishini tahlil qildilar. Energotejamkor qurilmalar o‘rnatilishidagi ayrim kamchiliklar aniqlanib, energiyani tejash uchun nasos agregatlarini energotejamkorlariga almashtirish, vegetatsiya davrida agregatlarni navbat hamda rejim bilan ishlatish, nasos stansiyasi ichki va tashqi qismini yoritishda elektr quvvatini kam talab qiladigan diodli lampalardan foydalanish topshiriqlari berildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilariga nasos stansiyalarida yuritiladigan jurnallarning to‘g‘ri yuritilishi hamda ishchi xodimlarning texnika xavfsizligi qoidalari bo‘yicha yo‘riqnomalar bilan tanishtirish masalasida maslahat va tavsiyalar berildi.
Seminarda bajarilgan ishlar muhokamasi jarayonida nasos stansiyasidagi inshootlarni xavfsiz, ishonchli va texnik soz holatda ekspluatatsiya qilish, inshootlarning yoritish projektorlari, inshoot himoya dambalari va himoya panjaralarining soz holatda saqlash kabi masalalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari mas’ullarga ko‘rsatilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati