Chirchiq-Ohangaron ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi “Qayrag‘och” nasos stansiyasi Piskent tumanidagi 205 gektar maydonni suv bilan ta’minlaydi. Mazkur nasos stansiyasida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar ta’mirlash ishlarini tashkil etish, texnikalarni eksplatatsiya qilish, elektr energiyasidan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlanadi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish alohida ahamiyat ega ekanligi ta’kidlandi.
– Oldimizdan oqqan suvning qadriga yetishimiz kerak, endi suv resurslariga bo‘lgan munosabatimizni tamoman o‘zgartirishimiz kerak, – dedi Chirchiq-Ohangaron ITHB bosh mutaxassisi T.Qayumov. – Shuningdek, nasos stansiyalariga ajratilgan elektr energiyasi limitiga qat’iy amal qilish, resurstejamkor texnologiyalar hisobidan elektr enegiyasini iqtisod qilish muhim ahamiyatga ega.
Seminarda nasos stansiyalarini ta’mirlash-tiklash ishlarini sifatli olib borish zarurligi qayd etildi
– Nasos stansiyalarini ta’mirlash va ularni mavsumga tayyorlashga jiddiy e’tibor zarur, – deydi Chirchiq-Ohangaron ITHB huzuridagi NSEB bosh mutaxassisi T.Bobojonov. – Bu borada malakali mutaxassislarni jalb etish, mutaxassis-xodimlarning malakasini oshirish talab etiladi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati