Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi tasarrufida 4 ta suv ombori bo‘lib, ularning eng yirigi Qumqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan «Janubiy Surxon» suv omboridir. Ushbu inshoot viloyatning qoq markazida joylashganligi tufayli boshqarma ma’muriyati barcha suv omborlari mutaxassislarini shu yerga jamlab, amaliy seminar tashkil qildi.
Ayni paytda ushbu suv omborining yordamchi xo‘jaligida 10 bosh qoramol, 40 bosh qo‘y-echki, 25 bosh parranda boqilayotir. Bundan tashqari, qirg‘oq bo‘yi maydonlarining bir gektariga sarimsoq piyoz, shuncha yerda bug‘doy, 80 sotixda piyoz, 60 sotixda sabzi parvarishlanayotir. Seminar ishtirokchilariga barcha suv omborlarida ana shunday yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etib, xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Seminar jarayonida «Yashil makon» milliy loyihasi bo‘yicha o‘tgan yilning bahori va kuzida o‘tqazilgan nihollar parvarishiga alohida e’tibor berish barobarida, bo‘sh turgan yerlarga turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish topshiriqlari berildi.
Shuningdek, seminarda suv omborlarida mehnat qilayotgan xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlar, tajribalarni boshqalarga ommalashtirish uchun matbuot xizmati orqali yoritish topshirig‘i berildi hamda viloyat, respublika miqyosidagi yangiliklardan, xususan, suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor bo‘lib borish uchun gazeta-jurnallarga obuna bo‘lish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati