Suvdan samarali foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish talabi dolzarb bo‘lib turgan bugungi kunda Surxondaryo viloyatida ham suvni tejashning turli choralari ko‘rilayapti. Tahlillarga ko‘ra, tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hisobiga viloyatda yiliga 217 million metr kub suvni tejash imkoniyati yuzaga keladi. Shuning uchun vohada suv tejovchi texnologiyalarni keng maydonlarda joriy qilishga harakat qilinmoqda. Jumladan, 2024-yil hosili uchun g‘alla parvarishlayotgan maydonlarning 16 ming gektariga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bugungi kungacha klaster tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari bilan 10,3 ming gektar g‘allazorga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish yuzasidan pudrat shartnomalari rasmiylashtirildi. Shuningdek, umumiy qiymati 25,4 milliard so‘mni tashkil qiladigan 1017 gektarga mo‘ljallanib kredit papkalari rasmiylashtirilgan. Fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlari mablag‘lari va tijorat banklaridan olingan kredit hisobiga 600 gektar g‘allazorda texnologiyani o‘rnatish maqsadida 778,8 million so‘m moliyalashtirildi. Ayni damgacha 25 ta subуektning 1290 gektar g‘allazoriga yetadigan texnologiya jihozlari keltirildi. Xususan, pudratchi tashkilotlar – «Omad-start organic», «Dripservis Agro», «Maxsussuvxizmat» MChJlar mutaxassislari tomonidan 13 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektning 408 gektar g‘allazorida qurilish ishlari boshlanib, 6 ta fermer xo‘jaligining 123 gektar g‘allazorida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlandi hamda foydalanishga topshirildi.
– Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, sug‘orishni bu usulda tashkil qilishga qaror qilgan fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlariga har jihatdan qulaylik yaratish hamda imtiyozlar berish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan, – deydi Amu-Surxon ITHB Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish shu’basi bosh mutaxassisi Farrux Aliуev. – Shubhasiz, qarorda belgilan topshiriqlar ijrosini bajarish yuzasidan viloyatda ishlar yanada jonlanadi va sug‘orishning bu usulida ish yuritishni xohlovchilar safi yanada kengayadi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati