Surxondaryo viloyati sug‘oriladigan yer maydonlarining qariyb 80 foizi daryolar va kanallardagi nasos agregatlari orqali tortib chiqariladigan obihayot hisobiga sug‘oriladi. Sir emaski, hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan nasos stansiyalarining ayrimlari ishga tushirilganiga 35–40 yildan ortiq vaqt o‘tgan. Ulardagi agregatlar va dvigatellarni nasoschilar doimiy texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, yaroqsiz holga kelgan jihozlarni yangisiga almashtirish evaziga umrini uzaytirib kelmoqda.
Ayni kunlarda Amu-Surxon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mehnat jamoasi nosug‘orish mavsumidan unumli foydalanib, mavjud 113 ta nasos stansiyalaridagi agregatlar, elektr dvigatellar va boshqa uskunalarni sozlash hamda yangisiga almashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ta’mirlash ishlarini qizg‘in davom ettirishayapti.
Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi bosh hisobchisi Umid G‘ofurov taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, yangi yilning dastlabki dekasida respublikadagi «Suvmash» korxonalaridan 1 milliard 750 million so‘mlik rotor, futulka, kolso, zadvijka, podshibnik, salnik, litol va boshqa zarur ehtiyot qismlar keltirilib, nasos stansiyalariga tarqatilgan.
Aytish kerakki, nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mutaxassislari nasos stansiyalaridagi holatni o‘rganib, boshqa kerakli ehtiyot qismlarga ham buyurtma berilgan. Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan ham unumli foydalanib, nasos stansiyalaridagi barcha asbob-jihozlarni sifatli sozlab, sug‘orish mavsumiga puxta shaylash choralari ko‘rilmoqda. Bu esa sug‘orish mavsumida nasos stansiyalaridagi agregatlar va elektr dvigatellarni beto‘xtov ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati