Denov tumani irrigatsiya bo‘limida suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlarini malakali oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash, yuridik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlash mavzusida seminar o‘tkazildi. Tuman irrigatsiya bo‘limi hamda suv xo‘jaligi maxsus xizmati xodimlari, kanal boshliqlari, ilg‘or suvchilar qatnashgan seminar tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi.
Seminarda ta’kidlandiki, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkilotlardagi bosh gidrometr lavozimiga oliy ma’lumotli, tajribali, gidrometriya ilmini puxta egallagan mutaxassislarni joylashtirish topshirig‘i berilganligiga qaramay, Denov tumani irrigatsiya bo‘limi bosh gidrometri lavozimida o‘rta ma’lumotli xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Denovday katta tumanda bosh gidrometr vazifasiga loyiq oliy ma’lumotli mutaxassisni tanlab qo‘yishda bo‘lim rahbariyati beparvolarcha munosabatda bo‘layotgani tanqid qilinib, bu lavozimga tezroq oliy ma’lumotli yetuk mutaxassisni joylashtirish topshirig‘i berildi. Shuningdek, o‘tgan yili irrigatsiya bo‘limi qoshidagi suv xo‘jaligi maxsus xizmat shu’basiga ishga qabul qilingan ayrim yosh kadrlarning ketib qolishi sababiga oydinlik kiritilib, yaqin kunlarda irrigatsiya bo‘limi va uning tarkibidagi suv xo‘jaligi maxsus xizmati shu’basi negizida tuziladigan «Suv yetkazib berish xizmati» tashkilotiga ishga qabul qilishda ko‘proq oliy ma’lumotli yosh kadrlarni jalb qilishga e’tiborni kuchaytirish, yosh kadrlar sohada muqim ishlab qolishi uchun ularni rahbariyat har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi zarurligi haqida tavsiyalar berildi.
Seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan asosiy masalalardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqadigan vazifalar bo‘ldi. Amu-Surxon ITHB huquqshunosi seminar qatnashchilariga avvalo irrigatsiya bo‘limida sohaga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarni bajarish kerakligi haqida, bu masalada yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni tuzatish yuzasidan o‘z fikrlarlarini aytib o‘tdi. Yangidan tuziladigan tashkilot vazifalari, iste’molchi bilan suv yetkazib beruvchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar, suv tejovchi texnologiyalarni dalasiga joriy qilayotgan dehqonlarga kredit va subsidiya ajratish tartiblari haqida batafsil tushuncha berildi.
Seminarda irrigatsiya bo‘limi xodimlari tomonidan ijro intizomiga amal qilish hamda hujjatlar bilan ishlash, xususan, fuqarolardan tushayotgan ariza-murojaatlarga o‘z vaqtida chora ko‘rmaslik va arizachilarga qanoatlantiradigan javob qaytarmaslik holatlari bot-bot takrorlanayotgani dalillar orqali tahlil qilinib, bu ishga mas’ul xodim vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘layotgani tanqid qilindi. Suv xo‘jaligi vazirligi, havza boshqarmasi, mahalliy hokimiyat tomonidan kelayotgan buyruq, farmoyish, qarorlarni o‘z vaqtida tegishli mutaxassislarga yetkazib, aniq chora-tadbirlar belgilash tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati