2023-yilda Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar, xususan, Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 30 ta loyiha amalga oshirildi. Joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Piskent tumanida joylashgan “Oqtom” nasos stansiyasida bo‘lib o‘tgan seminarda bu boradagi vazifalar muhokama qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Anvar Duvlonov seminarda so‘zga chiqib, mavjud nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish har tomonlama qulay va samarali ekanligini ta’kidladi.
– Aslida bu hamkorlikdan fermer ham suvchi ham manfaatdordir, – dedi A.Duvlonov. – Shunday ekan, davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish foydadan holi emas.
Bugungi kunda Bekobod, Bo‘stonliq, Toshkent, Quyi Chirchiq, Chinoz kabi tumanlardagi mavjud nasos stansiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida samarali faoliyati yuritmoqda.
– Bugun viloyatimizdagi aksariyat nasos stansiyalari eskirgan, ularni modernizatsiya qilishda davlat-xususiy sheriklik muhim ahamiyatga ega, – dedi Chirchiq-Ohangaron ITHB boshlig‘i o‘rinbosari A.Zokirov. – Shu bois joriy yilda bu yo‘nalishda yana 30 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Seminarda shuningdek, hududlarda suv ta’minotini yaxshilash, davlat nasos agregatlari orqali chiqarilayotgan suvlarni tejash, nasos stansiyalariga sarflanayotgan elektr energiyasidan samarali foydalanish hamda tizimga raqamli texnologiyalarni o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati