Sho‘rchi tumanidagi «Jo‘ramurot Hotamtoy» fermer xo‘jaligida suv resurslaridan maqsadli foydalanish, gidrometriya xizmati, suv xo‘jaligi maxsus xizmati faoliyati, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Amaliy seminarda Boysun, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Uzun tumanlarining irrigatsiya bo‘limlarining rahbaru mutaxassislari, suv xo‘jalik maxsus xizmati shu’basi xodimlari, «To‘palang-Qoratog‘» irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufidagi kanallar boshliqlari, miroblar, fermer xo‘jaligi va klaster tashkilotlari vakillari, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishda ishtirok etayotgan pudratchi korxonalar mutaxassislari hamda tizim tashkilotlari gidrometrlari qatnashdi.
Seminar qatnashchilariga Prezidentimizning joriy yil 5 yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 5-sonli qarorida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Ayniqsa, suv tejovchi texnologiyalarni dalasiga o‘rnatadigan jamoalarga beriladigan imtiyozlar, kredit ajratishdagi imkoniyatlar, subsidiya ajratish tartiblari seminar qatnashchilarini g‘oyat qiziqtirgan bo‘lsa, irrigatsiya bo‘limlari xodimlari tomonidan berilgan savollarning asosiy qismi tumanlarda irrigatsiya bo‘limlari hamda suv xo‘jaligi maxsus xizmati negizida tashkil qilinadigan «Suv yetkazib berish xizmati» korxonalari qanday tartibda ishlashi haqida bo‘ldi. Mutaxassislar bo‘lajak tashkilotning taxminiy ish tartibi haqida seminar ishtirokchilariga ma’lumotlar taqdim etdi.
Seminar jarayonida ishtirokchilar fermer xo‘jaligining g‘allazorida o‘rnatilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi holati bilan tanishtirildi. Sho‘rchi tumani irrigatsiya bo‘limi mutaxassislari nazorati ostida hozirda «Drip servis Agro» MChJ mutaxassislari fermer xo‘jaliklarining 200 gektar g‘allazoriga moliyalashtirilgan 5 milliard so‘m evaziga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatmoqda. Sho‘rchiliklarning suv tejovchi texnologiyani qo‘llash bo‘yicha ibratli ishlaridan boshqalar ham o‘rnak olishi, ajratiladigan kredit hamda subsidiyalardan samarali foydalanish zarurligi seminar qatnashchilariga batafsil tushuntirildi.
Seminarda iste’molchi dalasiga yetkazib beriladigan suv «tekin emas»ligini dehqonlar ongiga yetkazish, bundan keyin har qatra obihayot taqdiri so‘ralishi, iloji boricha iqtisod qilish va yo‘qotishlarni oldini olishning barcha choralarini ko‘rish, suv resurslaridan samarali foydalanish, gidrometriya xizmatini namunali yo‘lga qo‘yish, iste’molchilarga yetkazib beriladigan obihayotning aniq hisob-kitobini chiqarish, suv iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga amal qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar haqini undirish uchun ish jurnallarning yuritishni tartibli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha gidrometrlar, hisobchilar, maxsus xizmat xodimlariga topshiriqlar berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati