Parkent – Toshkent viloyatining bog‘dorchilikka ixtisoslashgan tumani hisoblanadi. Uning mevalarini, ayniqsa shirindan-shakar uzumlarini totib ko‘rmagan yurtdoshimiz topilmasa kerak. Bir so‘z bilan aytganda Parkent bog‘bonlar makoni. Bu yerda suvning qadri baland, chunki hudud qir-adirlikdan iborat. Shu bois ham tumanda suvga e’tibor doim yuqori bo‘lib kelgan.
Tumanning Qoraqalpoq qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi vakillari, fermer va tuman suvchilari ishtirok etdi.
Seminarda dastlab tuman ichki ariqlarini betonlashtirish haqida so‘z bordi.Bugun ichki ariq va kanallarni betonlashtirish suv sarfini oldini oladi. Bahorgi mavsumgacha ichki ariqlarni betonlashtirish, muhim va dolzarb tadbir ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Yurtboshimizning joriy yil 5-yanvarda e’lon qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida suvdan samarali foydalanish, elektr energiyasini iqtisod qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Seminarda havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Turob Qayumov ishchi-xodimlarni qarorning mazmun-mohiyati bilan tanishtirar ekan, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda mazkur qaror alohida ahamiyat ega ekanligini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida ish bo‘yicha yuzaga keladigan har qanday muammo va masalalarni rahbar xodimlar ishtirokida yechish, reja-ko‘rsatkichlar bajarilishi, topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish – mehnat yutuqlari omil ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati