Buxoro viloyatida vegetatsiya mavsumigacha 43,4 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallarni betonlashtirish, fermer va klaster korxonalari tomonidan 2023–2024 yil kuzgi-qishki mavsumida suv yo‘qotilishining oldini olish maqsadida 1200 kilometr uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilgan.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra esa bugungi kungacha fermer va klaster korxonalari tomonidan 364,5 kilometr uzunlikdagi ichki tarmoqlari betonlashtirilgan.
Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda bu boradagi ishlar muhokama etildi. “Buxorosuvqurilishinvest” DM boshlig‘i O.Qodirovning ta’kidlashicha, joriy yilning vegetatsiya mavsumigacha 8 ta obуektni (43,4 kilometr) betonlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi kunda 7,2 kilometr uzunlikdagi kanallar betonlashtirilgan.
Olot tumanidagi 5 kilometr uzunlikdagi “Tayqir-2” kanalini rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Hozirgi kunga qadar “Qorako‘lmaxsussuvpudrat” MChJ tomonidan 2,2 kilometr uzunlikdagi qismida beton ishlari bajarilgan. Obуektda 40 nafar quruvchi-ishchi va 14 ta texnika vositalari jalb etilganligini takidlab o‘tdi.
Ichki ariqlarni betonlashtirish ishlarini tashkil etish va kuzgi-qishki mavsumda amalga oshirilayotgan irrigatsiya melioratsiya tadbirlari talab darajada emasligi sababli barcha tuman irrigatsiya bo‘limlari, irrigatsiya tizimlari boshqarmasi, meliorativ ekspeditsiya rahbarlari hamda suv xo‘jaligi tashkilotlaridan tumanlarga biriktirilgan vakillar hamda boshqa tegishli rahbar xodimlar ishi tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati