Amu-Surxon ITHB ma’muriy binosida tizimdagi barcha tashkilotlar va tumanlar irrigatsiya bo‘limlari bosh hisobchilari hamda hisobdor shaxslar ishtirokida suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, rivojlantirish jamg‘armalariga mablag‘ tushirish mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminar ishtirokchilariga byudjetdan ajratilgan mablag‘larni maqsadli va samarali sarflash, birinchi navbatda muhim xarajatlarga, ya’ni suv xo‘jaligi inshootlarini ta’mirlash hamda betonlashtirish, tugallanmay qolgan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, o‘rnatilgan «Aqlli suv» qurilmalarining sim karta to‘lovlarini amalga oshirish va vazirlik serveriga integratsiya qilish yumushlariga xarjlash topshirig‘i berildi.
Seminarda tashkilotlar hisobchilaridan bir hafta ilgari o‘tkazilgan seminarda berilgan topshiriqlar ijrosi ham so‘raldi. Yanvar oyi oxirlashiga sanoqli kunlar qolayotganiga qaramay tashkilotlarning rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirish holati g‘oyat nochor ahvolda ekanligi, 14 ta tuman irrigatsiya bo‘limlari orasida faqat Angor tumanida ijara hisobiga 2,5 million, Uzun tumanida 1,7 million, Oltinsoy tumani irrigatsiya bo‘limi rivojlantirish jamg‘armasiga 0,7 million so‘m kirim qilingan, xolos. Qolgan tizim tashkilotlari hamda irrigatsiya bo‘limlari rivojlantirish jamg‘armalariga bir so‘m ham mablag‘ kirim qilinmagani tanqid qilindi. Tegishli tumanlar irrigatsiya bo‘limlari rahbaru hisobchilari joriy yilda sanoat va energetika ob’ektlariga yetkazib beriladigan texnik suv uchun hanuzgacha shartnomalar tuzmagani, qator tumanlar irrigatorlari maxsus xizmatlar bo‘yicha yetkazib beriladigan suv uchun biznes-rejalar ishlab chiqish hamda shartnomalar tuzishni yakunlamaganlari sabablari ochiqlanib, bu masalada mas’ullar zimmasiga qat’iy vazifalar yuklatildi.
Seminar yakunida bir haftadan keyin, ya’ni galdagi seminargacha rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirmagan hamda shartnomalar rasmiylashtirishni oxiriga yetkazmagan hisobchi va tizim mas’ul mutaxassislariga vazifasidan bo‘shatishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati