«To‘palang-Qoratog‘» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli Denov tumanida joylashgan gidrouchastkada o‘tkazilgan seminarda yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish, «Yashil makon» umummilliy dasturi bo‘yicha ekilgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari parvarishini tashkil etish, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni kengroq ommalashtirish maqsadida matbuot xizmati bilan aloqani mustahkamlash, suvchilarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularning viloyat, respublika, dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lishi uchun nashrlarga obuna masalalari muhokama etildi.
Seminar qatnashchilari ishtirokida tizimga qarashli kanallar qirg‘oqbo‘yi va gidrouchastkalarda yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish ahvoli o‘rganilganda, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda ibratli ishlar qilingani ravshanlashdi. Irrigatsiya tizim boshqarmasi mutaxassislari asosiy vazifalaridan bo‘sh paytlari dehqonchilik bilan shug‘ullanib, 2 gektar maydonda g‘alla parvarishlashayapti. Bir gektar maydonda o‘stirilayotgan sarimsoq piyozning rivoji yaxshi, shuncha maydonda parvarishlayotgan sabzini bemalol taomlar tayyorlashda foydalanish mumkin, 1,5 gektar yerdagi piyozning avji baland. Boshqarma mutaxassislari hozirda kanallar atrofidagi jami 2,5 gektar yerni kartoshka va bahorgi ziroatlar yetishtirishga shaylab qo‘yishibdi. Bostirmalarda 4 bosh qoramol, 16 bosh qo‘y, 25 ta tovuq boqilmoqda ekan. Har oyda xodimlardan pul to‘plab bozordan qo‘y sotib olavergandan ko‘ra otarda sovliqlarni ko‘paytirish hisobiga qo‘ychilikni yanada rivojlantirish mumkinligi yuzasidan maslahat va tavsiyalar berildi. Ammo boshqarmada 100 nafardan ko‘p xodim mehnat qilayotgani, kataklarda boqilayotgan 25 ta tovuq go‘shti va tuxumi shuncha kishiga taqsimlanganda ikki donadan ham tegmasligi tanqid qilinib, boshqarma mas’ullariga tovuqchilikni yanada rivojlantirish topshirig‘i berildi.
O‘tgan yilning bahori va kuz oylarida boshqarma tasarrufidagi 13 ta yirik kanallar himoya zonasidagi bo‘sh joylarga 22 ming tup tut niholi, 5 ming tupdan ko‘proq mevali hamda manzarali daraxtlar ko‘chati ekilgani, bugungi kunda boshqarma xodimlari, ayniqsa kanallar rahbarlari va miroblar boshchiligida har tup ekilgan ko‘chatlar parvarishlanayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, bahor oylarida ko‘chat ekishga puxta tayyorlanish yuzasidan topshiriqlar berildi. Seminar yakunida boshqarma xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar havza boshqarmasi va suv xo‘jaligi vazirligi saytida kam yoritilayotgani aytilib, matbuot xizmati bilan aloqani mustahkamlash, bajarilayotgan va ko‘pchilikka o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan yumushlarni yoritib borish tavsiya qilindi. Katta bir boshqarmada nashrlarga sanoqli obuna bo‘lingani aytilib, yilning qolgan vaqti uchun qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari homiyligidagi tarmoq gazeta-jurnallariga obunani rasmiylashtirish taklif etildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati