Qumqo‘rg‘on tumani irrigatsiya bo‘limi ma’muriy binosida suv xo‘jaligi tizim tashkilotlarini malakali oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash va yosh mutaxassislarga yaratilgan sharoitlar, yuridik xizmat faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari tomonidan hujjatlar bilan ishlash hamda ijro intizomi holati mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminarda irrigatsiya bo‘limidagi mavjud shtat birliklariga mutaxassislarni ishga qabul qilishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, oliygohni bitirib kelayotgan yosh kadrlarni ishga qabul qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganligi tahlil etilib, keyingi ikki yil orasida irrigatsiya bo‘limiga atigi bir nafar oliy ma’lumotli mutaxassis jalb qilinganligi tanqid qilindi. Hozirda irrigatsiya bo‘limida 3 ta lavozim vakant turganligiga qaramay, o‘tgan yili ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli mutaxassis suv xo‘jaligi maxsus xizmati shu’basida mehnat qilayotgani, iste’molchilar tomonidan o‘z vaqtida mablag‘ o‘tkazilmasligi sababli maxsus xizmat hisobiga mablag‘ tushmasligi va yosh kadr o‘z vaqtida maosh olmayotganligini ro‘kach qilib, sohadan ketib qolishi hech gap emasligi, uni o‘zi eplaydigan ish bilan ta’minlash zarurligi haqida bo‘lim boshlig‘i va hisobchiga topshiriq berildi. Seminarda yangidan tuziladigan «Suv yetkazib berish xizmati» tashkilotiga tajribali irrigatorlar bilan birga yosh kadrlarni ko‘proq ishga qabul qilish tavsiya qilindi.
Seminar qatnashchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori xususida qiziqtirgan savollariga batafsil javob berilib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etayotgan fermerlarga subsidiya va kredit ajratish tartiblari hamda imtiyozlar haqida to‘laqonli ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, sohaga doir qabul qilinayotgan qarorlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, ularning ijrosi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tuman irrigatsiya bo‘limi mas’ul mutaxassislar tomonidan hujjatlar bilan ishlash va ijro intizomi bo‘yicha qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani misollar bilan tanqid qilinib, har bir murojaat va ariza ortida insonlar taqdiri va manfaati turganligi aytilib, tegishli mutaxassislarga ariza hamda murojaatlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati