Amu-Surxon ITHB tarkibidagi tizim tashkilotlari orasida eng ko‘p kanallari bor bu tashkilot – «Surxon-Sherobod» irrigatsiya tizimi boshqarmasi hisoblanadi. Suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish tarmoqlarida oqadigan obihayot sarfi aniq hisob-kitobini yuritishda boshqarma mutaxassislari zamonaviy suv o‘lchash jihozlaridan unumli foydalanish yo‘lida izlanishlarni davom ettirishayapti. Amu-Surxon ITHB bosh mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda tizimda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy va tanqidiy muhokama qilindi.
Seminarda ta’kidlandiki, o‘tgan vaqt mobaynida sug‘orish tarmoqlariga 103 dona «Aqlli suv» qurilmalari o‘rnatilgan va ularning 101 tasi vazirlik serveriga integratsiya qilingan. Bir qarashda raqamlashtirish bo‘yicha boshqarma xodimlari sezilarli ishlar qilgani oydinlashadi. Ammo qo‘yilgan qurilmalarning 2 donasi hanuzgacha vazirlik serveriga integratsiya qilinmagan hamda 13 donasi ma’lumotlarni to‘liq uzatmayotir. Qurilmalarni qo‘yish va ma’lumotlar uzatilishida ro‘y berayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan boshqarma boshlig‘i Sh.Rahmonovga sim karta to‘lovlarini amalga oshirib, ma’lumotlarni to‘liq uzatilishiga erishish hamda vazirlik serveriga integratsiya qilinmagan qurilmalarni integratsiya qilish topshirig‘i berildi.
Joriy yilda sug‘orish tarmoqlarga 47 ta «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 500 million so‘m talab qilinadi. O‘tgan yili oxirlarida respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘ hisobiga qurilmalarning asosiy qismi qo‘yilgani, «bu yil ham respublika byudjetidan mablag‘ beriladi», deb beparvo bo‘lmay, qurilmalar o‘rnatish uchun pulni o‘zlari topishlari eslatilib, bo‘sh bino va inshootlarni ijaraga berish, kanallar va gidrotexnik inshootlar atrofidagi yerlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirib daromad topish va bo‘sh yerlarning bir qismini ijara berish hisobiga rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirishni ko‘paytirish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati