Kanallardan oqib kelayotgan obihayotning iste’molchilar dalasiga kirib borishida uzunligi minglab kilometrni tashkil etadigan ichki sug‘orish tarmoqlari hamda yer osti sizot suvlari chiqib ketishi va zaminning sho‘rlanishi oldini olishga xizmat qiladigan zovurlarning ahamiyati katta.
Jamoa va davlat xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatgan yaqin yillargacha ichki sug‘orish tarmoqlari, ya’ni katta-kichik ariqlar hamda zovurlar kolxozlarning texnikasi hamda a’zolarini safarbar qilish evaziga vaqti-vaqti bilan loyqayu chiqindilardan tozalanar, qisman bo‘lsada betonlashtirilib, ta’mirlab turilardi.
Jamoa va davlat xo‘jaliklari tugatilib, ularning zamirida tashkil qilingan fermer xo‘jaliklari dastlabki yillarda iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lmagani va fermerlar topgan daromadining asosiy qismini texnika xarid qilish va boshqa xarajatlarga sarflab yuborgani uchun ayrim mahallalar hamda qishloqlar hududidagi ariq-zovurlar yillab qarovsiz qoldi, tozalanmadi va ta’mirlanmadi. Hozir ham fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari tasarrufidagi dalalariga suv kirib boradigan ariq va zovurlar asosan mahalla faollarining tashabbusi bilan aholini jalb qilish hisobiga loyqayu chiqindilardan tozalanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Asosan qo‘l kuchi yordamida tozalangani tufayli aholi ko‘pincha o‘z hovlisi va tomorqasi chegarasidagi ariqlarni tozalamoqda, ichki ariq-zovurlarning bir qismi to‘liq tozalanmay, chala qolib ketayapti.
Vazirlik topshiriqlari asosida Surxondaryo viloyatidagi ichki sug‘orish tarmoqlari va zovurlarni yangidan tuziladigan «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari balansiga o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Amu-Surxon ITHBda tashkil qilingan ishchi guruhi a’zolari joylarga chiqib, mahalla va qishloqlar hududidagi ariq-zovurlarni egalik qilish, «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari balansiga o‘tkazish bo‘yicha zaruriy hujjatlarni tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan batafsil ma’lumot va tushuncha berishayapti.
Qiziriq tumani irrigatsiya bo‘limi ma’muriy binosida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi barcha tumanlar irrigatsiya bo‘limlari bosh mutaxassislari, bosh hisobchilar, havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyaning tumanlardagi meliorativ uchastkasi rahbarlari, irrigatsiya bo‘limlarining ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘limlari boshliqlari, gidrotexniklar, kadastr hujjatlarini tayyorlashga biriktirilgan yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir jarayonida qatnashganlarga barcha mahalla va qishloqlar hududidan o‘tuvchi ariq-zovurlarning toifasi bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish, moliyalashtirish manbalari hamda kadastr hujjatlarini tayyorlash hamda rasmiylashtirish tartib- tamoyillari batafsil tushuntirildi. Tadbir ishtirokchilariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, ichki sug‘orish tarmoqlari va zovurlarni yangidan tuziladigan hamda tegishli tizim tashkilotlari balansiga o‘tkazish bo‘yicha belgilangan vazifalarni tezroq yakuniga yetkazish topshiriqlari berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati