“Yomonjar” kanali Olot va Qorako‘l tumanlari qishloq xo‘jaligida muhim tarmoq hisoblanadi. Ayniqsa, vegetatsiya davri, aholi tomorqa yerlaridagi ekin baravj rivojlanish pallasida “Amu-Buxoro” kanali va unga tutash irrigatsiya tarmoqlarida suv sathi keskin pasayishi tufayli “Yomonjar”ning ham suv yetkazib berish imkoniyatlari pasayadi. Bunga yagona yechim sifatida qish mavsumda suv yo‘lini ta’mirlash, loyqa va cho‘kindilardan tozalashdir.
Ta’kidlash lozimki, 2019–2020 yillarda Buxoro viloyatida “Yomonjar” kanalini rekonstruksiya qilish bo‘yicha katta hajmdagi ish bajarilgan. Jumladan, respublika va mahalliy byudjetdan 16 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, kanalning 7,2 kilometr qismi betonlashtirilgan, 20 kilometr qismi mexanizmlar yordamida tozalangan.
O‘tgan yillarda “Yomonjar” kanalini rekonstruksiya qilish natijasida “Markaziy Osiyoda suv, ta’lim va hamkorlik” xalqaro loyihasi doirasida “Yomonjar” kanalida texnik tadbirlar amalga oshirilib, suv to‘suvchi inshoot va gidrometrik postlar barpo etilgan. Suv chiqaruvchi inshoot rekonstruksiya qilinib, kanal qirg‘og‘ida betonlashtirish ishlari olib borilgan. Bu maqsadlar uchun 2019-yildan boshlangan keng ko‘lamli ta’mirlash-tiklash ishlariga 121 ming AQSh dollari sarflangan. “Yomonjar” kanalining rekonstruksiya qilinishi tufayli viloyatning ikki tumanida umumiy hisobda 12 ming gektardan ortiq ekin yerini sug‘orish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Natijada hududdagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida hosildorlik oshdi. Barpo etilgan gidrometrik post orqali Olot va Qorako‘l tumanlari o‘rtasida suvni taqsimlash chog‘ida uning aniq hisobini yuritish imkoni yaratilgan.
Shu o‘rinda, Amudaryo suvining loyqaligi sabab kanalda ko‘milish holati paydo bo‘lishi ham mutaxassislarga yaxshi ma’lum. Loyqa cho‘kindilar kanalning foydali ish koeffitsentini yanada kamaytirishi va suv yo‘qotishlari oshishi turgan gap.
Shu bois, ayni kunlarda kanalning loyqa bosib ko‘milgan qariyb 30 kilometr uzunlikdagi qismi viloyatdagi suv xo‘jaligi tashkilotlarining mexanizmlari yordamida sifatli tozalanib suv yo‘lining o‘tqazuvchanligi yaxshilanmoqda.
Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, ayni qishki mavsumda Olot tumani “Sharq yulduzi” hududidagi zovurda, Qorako‘l tumani “Ziyorat” hududidan o‘tgan T-19 tashlamasida, “Yuqori Piyozkor” zovurida, shuningdek, boshqa tumanlardagi irrigatsiya tarmoqlari, zovur va kollektorlarni mavsumiy rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonga jalb qilingan ekskovatorchi mexanizatorlarga zarur mehnat sharoiti yaratilib, yonilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati