Bugungi kunda viloyatning barcha hududlarida qishki sho‘r yuvish, g‘alla maydonlarini obihayotga qondirish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Bundan tashqari, aholi va dehqon ho‘jaliklari ixtiyoridagi ekin yerlariga ham suv yetkazib berilmoqda. Masalan, Jondor tumanida jami 35 ming 470 gektar yerlarning sho‘rini yuvish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungacha 26 ming 463 gektar ekin yerlariga yaxob suvi berilgan. Bu boradagi kunlik ko‘rsatkich esa 700–750 gektarni tashkil etmoqda.
Albatta, qishki sho‘r yuvish mavsumida suv resurslaridan tejamkorlik asosida foydalanish, iste’molchilar o‘rtasida uni adolatli taqsimlash, obihayotning hisobini to‘g‘ri yuritish tuman irrigatsiya bo‘limi rahbar va mutaxassislarining zimmasidagi vazifa sanaladi. Bundan tashqari suv mavsumda suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish ham diqqat markazida bo‘lishi lozim.
Shu munosabat bilan bugun tuman irrigatsiya tizimi mutaxassis-xodimlari ishtirokida qishki sho‘r yuvish mavsumining borishi, bu muhim agrotexnik tadbir davomida erishilayotgan natijalar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda qayd etilganidek, tumandagi asosiy ekin maydonlarining lazerli tekislagich yordamida tekislangani, kanal va ariqlarning betonlashtirilgani hamda iste’molchilar o‘rtasida suv resurslarini tejash maqsadida olib borilgan targ‘ibot ishlari samarasi o‘laroq o‘tgan yillarga qaraganda kam miqdordagi suv sarfi bilan yerlarning sho‘rini yuvishga erishilmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, hali ham suv resurslarini tejash masalalariga e’tiborsiz munosabatda bo‘layotgan iste’molchilar yo‘q emas. Ular bilan tushuntirish ishlari olib borish, zarur o‘rinda qonuniy chora ko‘rish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati