Jarqo‘rg‘on tumanida suv resurslaridan unumli foydalanish, kanal va ariqlarda oqib turgan obihayotni tejab ishlatish madaniyatini shakllantirish orqali dehqonlar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari a’zolari ongiga uzoq vaqtdan beri o‘rnashib qolgan «suv tekin», degan tushunchani o‘zgartirish hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni g‘alla va paxta o‘stiriladigan maydonlarda qo‘llashni davom ettirishga doir seminar o‘tkazildi.
Seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
G‘alla maydonlariga yomg‘irlatib, paxta yetishtiriladigan dalalariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatib, mahsulotlar yetishtiradigan fermer xo‘jaliklariga ajratiladigan kredit va subsidiya berish tartiblari, «Suvkredit» platformasi orqali hujjatlarni rasmiylashtirish, irrigatsiya bo‘limlari va suv xo‘jaligi maxsus xizmati negizida tuziladigan «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi va bu tashkilot bilan iste’molchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar xususida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati