Ushbu g‘oyani aholiga chuqur singdirish va buni kundalik turmush qoidasiga aylantirish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim.
Bugun vazirlikning Axborot-tahlil va resurs markazida Prezidentimizning joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing va matbuot anjumanida shu fikr qayta-qayta takrorlandi.
Tadbir Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan Axborot-tahlil va resurs markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyati misolida kanal va ariqlarni betonlashtirish, suvdan samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati xususida ma’lumotlar berildi.
Havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Alimbekovning ta’kidlashicha, joriy yilda viloyatda 1300 km uzunlikdagi kanal va ariqlarni betonlashtirish rejalashtirilgan. Bugungi kun holatiga 663 km qismi betonlashtirildi.
Viloyat bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan ekin maydonlari 94 ming gektarni tashkil etadi. Bu yil 43 ming 300 gektarda ana shunday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.
Ayni paytda 1600 gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga kirishilgan. Shundan 660 gektari ishga tushirilgan.
Axborot-tahlil va resurs markazi rahbari I.Jo‘rayev, Chirchiq-Ohangaron ITHB bosh mutaxassisi T.Qayumov quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar, qarordagi yangiliklar haqida fikrlarini bildirdi.
Matbuot anjumanida OAV vakillaridan tushgan savollarga javob qaytarildi.
Axborot xizmati