Denov tumani hududida joylashgan «Otqamar» nasos stansiyasi xususiy sherik boshqaruviga o‘tkazilmoqda. Ushbu nasos stansiyasi 1982-yil qurilgan bo‘lib, ichki kanaldan suv tortib chiqarib, fermer xo‘jaliklarining 105 gektar dalalari hamda aholi tomorqalarini obihayot bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Nasos stansiyasida havza boshqarmasi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakllantirish va joriy etish bo‘limi hamda nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi bosh mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Seminarda nasos stansiyasi jamoasi, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda «Surxon sifat tekistil» MChJ vakillari ishtirok etdi. Qatnashganlarga davlat-xususiy sheriklik shartlari, loyihaga tegishli hujjatlarni tayyorlash masalalari haqida batafsil tushuncha berildi.
Jamoa a’zolariga nasos stansiyasi klaster boshqaruviga berilayotgan bo‘lsada, nazorati nasos stansiyasi va energetika boshqarmasida saqlab qolinishi, ishchilarni ish haqi bilan ta’minlash, nasos agregatlari va dvigatellarni ta’mirlashga mablag‘ ajratish va investitsiya kiritish foydalanuvchi xususiy sherik-klaster tashkiloti zimmasiga tushishi aytilib, sug‘orish mavsumigacha nasos agregatlari ta’mirini yakunlab, sinovdan o‘tkazishga kelishib olindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati