Joriy yilda Termiz tumani g‘allakorlari boshoqli don ekinlari parvarishlanayotgan dalalarining 500 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatishni rejalashtirgan. Hozirgacha pudrat tashkilotlari bilan 400 gektar g‘allazorni shu usulda sug‘orish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi hamda tijorat banklaridan kredit ajratish uchun hujjatlar to‘plami taqdim qilingan. Termiz tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Indenim Termiz» klaster tashkiloti bilan fyuchers shartnomasi asosida mehnat qilayotgan fermer xo‘jaliklariga hozircha 100 gektar g‘allazorda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun klaster tashkiloti 2,5 milliard so‘m ajratgan. Ayni paytda «Drip servis Agro» MChJ mutaxassislari ajratilgan mablaqqa qurilish-montaj ishlarini bajarishmoqda va bugungacha 64 gektar maydondagi g‘allazorda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi to‘liq ishga tushirildi.
G‘allazoriga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatishga talabgor fermer xo‘jaliklaridan biri – «Surxon-Yangiariq» sarhadlar uyushmasi tarkibidagi «Ayritom sardori» fermer xo‘jaligidir. Tadbirkor ayol Dilafro‘z Hasanova boshliq ushbu fermer xo‘jaligi tumandagi boshqa fermerlarga o‘rnak ko‘rsatish maqsadida birinchilardan bo‘lib, 16 gektar g‘allazorini tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tkazishga qaror qildi. «Drip servis Agro» MChJ mutaxassislari bilan kelishgan bitimga asosan fermer xo‘jaligi ajratgan 400 million so‘mga pudratchi tashkilot vakillari fermerning 13 gektar g‘allazoriga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatishdi. Zamon Ishbilarmon, fermer xo‘jaligi rahbari Dilafro‘z Hasanova suv tejovchi texnologiyalar suv tarqatish shlanglaridan obihayot to‘siqsiz va bir maromda oqishi uchun texnologiya nasoslari yordamida tortiladigan suv toza bo‘lishi kerakligidan yaxshi xabardorligi uchun pudratchi korxona vakillariga 3 gektar g‘allazor uchun ajratilgan mablag‘ hisobiga yer osti qudug‘i qazib berish talabini qo‘ydi. Pudratchi korxona mutaxassislari ham shu shartga rozilik bildirib, yer osti qudug‘ini ishga tushirishdi.
«Ayritom sardori» fermer xo‘jaligi g‘allazorida o‘rnatilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini ko‘rsatish va boshqa jamoalar a’zolari ham bu fermer xo‘jaligi amalga oshirayotgan chora-tadbirlardan o‘rnak olsin, degan maqsadda ushbu fermer xo‘jaligi g‘allazorida suv resurslaridan samarali foydalanish, gidrometriya xizmatini tartibga solish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga doir amaliy seminar tashkil qilindi.
«Surxon-Yangiariq» sarhadlar uyushmasi tarkibidagi barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlari va ilg‘or suvchilari, tuman irrigatsiya bo‘limi mutaxassislari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda qatnashayotgan pudratchi korxonalar mutaxassislari, kanallar va ichki sug‘orish tarmoqlariga biriktirilgan boshliqlar, gidrometrlar ishtirok etgan seminarda suv resurslaridan samarali foydalanish, obihayotni tejash yuzasidan ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, gidrometriya xizmatini namunali tashkil qilish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini keng maydonlarda joriy qilish masalalari muhokama qilinib, bajarilishi muhim bo‘lgan vazifalar yuzasidan mas’ul mutaxassislarga topshiriqlar berildi.
Seminar jarayonida fermer xo‘jaliklari rahbaru a’zolari hamda irrigatsiya bo‘limi xodimlarining yangidan tashkil qilinayotgan «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi vazifalari hamda prezidentning joriy yil 5 yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalarga doir savollariga Suv xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Otabek Abdullayev, Amu-Surxon ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Xolboyev va havza boshqarmasi bosh mutaxassislari to‘liq ma’lumot berib, qaror mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdilar.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati